
Samsung Electronics 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniyaning konsolidatsiyalashgan tushumi $119,6 mlrd, operatsion foydasi esa $62,4 mlrdni tashkil etdi. Tushum o‘tgan chorakka nisbatan 28 foizga oshib, rekord darajaga yetgan.
Mobil bo‘linma tarixdagi ilk zararini qayd etdi
Shunga qaramay, kompaniyaning smartfonlar va boshqa iste’mol elektronikasi ishlab chiqarishga mas’ul Device eXperience (DX) bo‘linmasida savdolar 9 foizga kamaygan. Eng katta yo‘qotish Samsung MX bo‘limiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu bo‘lim smartfonlar, noutbuklar va taqiladigan qurilmalarni ishlab chiqaradi.
Hisobotga ko‘ra, Samsung’ning mobil bo‘linmasi kompaniya tarixida ilk bor zarar bilan ishladi. Chorak yakunida zarar $487 mlnni tashkil etdi.
Boshqa mahsulot yo‘nalishlari ham pasaydi
Televizorlar, monitorlar va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi bo‘linmalarda ham pasayish kuzatildi. Mazkur segmentdagi zarar $7 mlnni tashkil etdi.
Zarar sababi nima
Kompaniya mobil biznesdagi salbiy natijani xotira chiplari bozoridagi narxlarning keskin oshishi bilan izohladi. Samsung xotira chiplarini o‘zi ishlab chiqarsa-da, ularni mobil bo‘linmasiga amaldagi bozor narxlarida yetkazib beradi. Natijada smartfon va boshqa mobil qurilmalarni ishlab chiqarish tannarxi sezilarli darajada oshgan.
Galaxy S26 va Galaxy A savdosi yetarli bo‘lmadi
Samsung ma’lum qilishicha, Galaxy S26 va Galaxy A smartfonlari savdosi barqaror bo‘lgani hisobiga kompaniya daromadi oshgan. Biroq butlovchi qismlar narxining ko‘tarilishi va ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi mobil bo‘linma rentabelligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, sohadagi xarajatlar bosimi tufayli Samsung mobil bo‘linmasi o‘z tarixida ilk bor chorakni zarar bilan yakunladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 FE qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgandi.