Gadjetlar

Satyress ikki metrli Threehalves nomli robot-kentavrini taqdim etdi

Robot og‘ir va xavfli sharoitlarda ishlash uchun yaratilgan
Satyress ikki metrli Threehalves nomli robot-kentavrini taqdim etdi
Foto: Satyress

Satyress kompaniyasi Threehalves nomli g‘ayrioddiy robot-kentavrni taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Balandligi ikki metr bo‘lgan ushbu robot ekstremal sharoitlarda turli vazifalarni bajarish uchun ishlab chiqilgan.

Qo‘llari turli asboblar bilan almashtiriladi

Foto: Satyress

Threehalves’ning asosiy o‘ziga xosligi uning qo‘l tuzilishidadir. Oddiy besh barmoqli kaft o‘rniga robot qo‘llariga kerakli vazifaga qarab benzinli arra, gayka buragich, drel va boshqa ish qurollari o‘rnatiladi.

Robotning to‘rtta oyog‘i notekis va murakkab hududlarda muvozanatni saqlashga yordam beradi.

Operator masofadan boshqaradi

Robot maxsus joystik orqali masofadan boshqariladi. Satyress ta’kidlashicha, Threehalves mutaxassislar o‘rnini bosish uchun emas, balki ularga xavfli ishlarni xavfsizroq va samaraliroq bajarishda yordam berish uchun yaratilgan.

Foto: Satyress

Kompaniyaga ko‘ra, robot kuchli issiqlik, qattiq sovuq, mutlaq qorong‘ilik hamda inson hayoti uchun xavf tug‘diradigan boshqa sharoitlarda ishlashi mumkin.

Bir nechta favqulodda o‘chirish tizimi mavjud

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida robot bir nechta favqulodda o‘chirish mexanizmlari bilan jihozlangan. Ulardan biri — kaftni yuqoriga ko‘tarish ishorasi bo‘lib, u robotni to‘xtatishi kerak.

Agar bu usul ishlamasa, robotning ko‘krak yoki orqa qismidagi havo rezervuarlaridan biriga shikast yetkazish mumkin. Bunday holatda pnevmatik tormozlar ishga tushib, qurilmani jismonan harakatsiz holatga keltiradi.

Narxi va sotuv sanasi hozircha noma’lum

Satyress hozircha Threehalves robot-kentavrining narxi hamda ommaviy ishlab chiqarish qachon boshlanishi haqida ma’lumot bermagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan insonni 10 soniyada kiyintirib qo‘yadigan robot yaratilgani haqida yozgandi.