
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Cho‘lponota shahridagi Issiqko‘l xalqaro aeroportida Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov va uning rafiqasi tomonidan qarshi olindi. Aeroportda ikki davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.





Davlat rahbarini Cho‘lponota shahridagi Chingiz Aytmatov nomidagi Ruh Ordo madaniyat markazida rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.







Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, marosimda O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng rezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdi. Birgalikda suratga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Muzokaralarda O‘zbekiston–Qirg‘iziston strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev Ostonada «Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish marosimida qatnashgani haqida yozgandi.