Yangiliklar

Talabalar stipendiyasi bekor qilinadimi: Fiskal tahlillar instituti yangi takliflar bilan chiqdi

O‘zbekistonda 1,6 mln talaba tahsil oladi
Talabalar stipendiyasini bekor qilish taklif qilindi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tomonidan talabalar stipendiyasi bo‘yicha bir qator takliflar berildi. «Kursiv» muxbirining ma’lum qilishicha, tashabbus 30-iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan «Fiskal muloqot» tadbirida taqdim etilgan.

Institut taqdimotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,6 mln talaba tahsil oladi. Shundan 118,8 ming nafari yoki jami talabalar sonining 7,3 foizi stipendiya oladi. Ushbu maqsadlar uchun davlat budjetidan yiliga qariyb 1 trln so‘m sarflanmoqda.

Institut stipendiyalarni talabalarning ijtimoiy ahvoli va ehtiyojidan kelib chiqib manzilli taqsimlashni taklif etdi. Shuningdek, stipendiya miqdorini kamida minimal iste’mol xarajatlari darajasigacha oshirish, turar joy ijarasi uchun beriladigan subsidiyalarni saqlab qolish hamda vazirliklar, idoralar va ish beruvchilar tomonidan ajratiladigan grantlarni kengaytirish taklif qilinmoqda.

Institut uch bosqichli kreditlash modelini ham taklif etadi. Birinchisi, yagona ijtimoiy reyestrdagi ehtiyojmand talabalar uchun taʼlim kreditini foizsiz va barcha toʻlovlarisiz berish.

Akademik natijasi maksimal fanning 60 foiziga teng talabalar uchun Markaziy bankning asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida imtiyozli kredit taklif etish. Qolgan talabalar uchun esa standart shartlarda taklif etish koʻzda tutilayapti.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Taqdimotda hozirgacha 85 ming talabaga jami 2 trln so‘mlik ta’lim krediti ajratilgani qayd etildi. Kredit oluvchilarning 84 foizini xotin-qizlar tashkil qilgan, kredit foizlarini subsidiyalash uchun esa 830 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.

Institut magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplash amaliyotini saqlab qolishni ham taklif qildi. Ushbu chora uchun 125 mlrd so‘m ajratilishi nazarda tutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» bank depozitlari bo‘yicha foizlar soliqqa tortilishi taklif qilingani haqida yozgan edi.