
Andijon viloyatining Marhamat tumanida davlat zaxirasidagi 24 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, $39 ming talab etganlikda gumonlangan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tumandagi bank xizmatlari markazlaridan birining rahbari hamda «Norin – Qoradaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti o‘zaro til biriktirgan. Ular 1989-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, Marhamat tumani hokimligi zaxirasidagi yer maydonining turarjoy toifasiga oid hujjatlari mavjudligini aytgan.
Gumonlanuvchilar mansabdor tanishlari orqali ushbu yerni kelgusida fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning evaziga $39 ming so‘ragan.
Jinoyat qanday fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda irrigatsiya tizimi xodimi kelishilgan pulning $25 mingini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda 1,4 mlrd so‘mlik noqonuniy dori topilgani haqida yozgan edi.