
Andijon viloyati hokimi qarori bilan viloyat budjetining 2026-yilgi zaxira jamg‘armasi hisobidan «Andijon polka» raqsini «Ginnes rekordlari» kitobiga kiritish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 730 mln so‘m ketdi. Mablag‘ viloyat Madaniyat boshqarmasiga yo‘naltiriladi.
Xarajatlar rejasiga o‘zgartirish kiritiladi
Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga 2026-yil xarajatlar rejasiga tegishli o‘zgartirish kiritish topshirilgan. Viloyat g‘aznachilik xizmati boshqarmasi esa ajratilgan mablag‘larni belgilangan tartibda yo‘naltirish va moliyalashtirishni ta’minlaydi.
Viloyat Madaniyat boshqarmasiga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish vazifasi yuklatilgan. Qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari To‘lanov zimmasiga yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat 20 ming nafar ishtirokchini birlashtirgan ulkan «Andijon polkasi» ommaviy raqs namoyishiga mezbonlik qilgandi va ushbu rekord Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgandi. Keng ko‘lamli madaniy loyiha Andijon shahrining 2026-yilda «Turk dunyosining madaniy poytaxti» deb e’lon qilinishi munosabati bilan tashkil etildi.