Yangiliklar

Andijonda mushukni qurilish maydoniga uloqtirgan ikki yigit 4,12 mln so‘mdan jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatuvchi yig‘ish uchun video olgan
Andijonda mushukni qurilish maydoniga uloqtirgan ikki yigit 4,12 mln so‘mdan jarimaga tortildi
Foto: Foto: Andijon IBB videosidan olindi

Andijon viloyatida mushuk bolasini qurilish maydonchasiga uloqtirib, bu holatni videoga olgan va ijtimoiy tarmoqqa joylagan ikki yigit ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Hodisa Navro‘z Mall oldida sodir bo‘lgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 27-iyul kuni Andijon shahridagi Navro‘z Mall savdo-ko‘ngilochar majmuasi oldida yuz bergan.

Aniqlanishicha, Shahrixon tumanida yashovchi 18 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq kuzatuvchi to‘plash maqsadida mushuk bolasini baland to‘siq orqali qurilish maydonchasiga uloqtirgan. Ushbu jarayonni uning 20 yoshli tanishi videoga olgan.

Keyinchalik videorolik mushukni uloqtirgan yigitning Instagram sahifasiga joylashtirilgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Har biriga 4,12 mln so‘m jarima tayinlandi

Mazkur holat yuzasidan ikki yigitga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi — hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Sud qarori bilan ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 4,12 mln so‘m miqdorida jarima tayinlandi.

Ichki ishlar boshqarmasi e’lon qilgan videoda mushukni uloqtirgan yigit qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, bunday harakatni takrorlamasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, videoda hazil tariqasida «mushukning joni 40 ta emas, 39 tasi qoldi» degan, biroq keyinchalik bu qilmishi uchun javobgarlikka tortilganini bildirib, jamoatchilikdan uzr so‘ragan.

Videoni tasvirga olgan yigit ham do‘stini to‘xtatishi kerak bo‘lganini, ammo buni qilmaganini tan olib, qilgan ishidan afsusdaligini va boshqalarni hayvonlarga nisbatan bunday munosabatda bo‘lmaslikka chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tornadodan qutqarilgan mushuk telekanalda «ob-havo boshlovchisi»ga aylangani haqida yozgandi.