
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan 634 tonna asfalt talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti xabar berdi.
Tekshiruvga ko‘ra, mas’ullar 6 ta ichki yo‘lda asfalt yotqizish ishlarini bajarmagan. Buning o‘rniga xarid qilingan 348,7 mln so‘mlik asfaltni naqd pulga sotib yuborib, mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan.
Toshkent viloyatida 540 tonna asfalt bo‘yicha soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan
Departamentning Toshkent viloyati Parkent tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda esa tuman Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari «G.W.» MChJ bilan til biriktirib, amalda 540 tonna asfalt yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, qabul qilingani haqida soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirgani aniqlangan.
Oqibatda 324 mln so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘l avgustda ochilishi haqida yozgandi.