Yangiliklar

Kimni ishdan olishmoqchi bo‘lishsa, qishloq xo‘jaligiga mas’ul qilib qo‘yishardi — Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati bilan uchrashuvda hazil qildi

Marosimdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari bilan tanishdi
Kimni ishdan olmoqchi bo‘lishsa, qishloq xo‘jaligiga mas’ul qilib qo‘yishardi - Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan tanishuv chog‘ida qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy blok vazirlari haqida hazillashdi. Davlat rahbari, shuningdek, Qambarota GES-1 qurilishini tezlashtirish va chegara bo‘yicha kelishuvlarni yakunlash zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlarini rasmiy kutib olish marosimi 30-iyul kuni Cho‘lponotadagi «Ruh Ordo» madaniy markazida bo‘lib o‘tdi. Marosimdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari bilan tanishdi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov tanishtirilganda, Mirziyoyev O‘zbekiston hukumatida mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lib ishlagan davrini esladi.

«Men o‘z vaqtida bosh vazir bo‘lib turganimda qishloq xo‘jaligiga mas’ul edim, shuning uchun bu sohani va u qanday ahvolda bo‘lganini yaxshi bilaman. Sizga muvaffaqiyat tilayman. Umuman olganda, Sovet Ittifoqi davrida kimni ishdan olmoqchi bo‘lishsa, o‘shani qishloq xo‘jaligiga rahbar qilib qo‘yishardi», – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Sadir Japarov bunga javoban Akunbekov yaqinda tayinlanganini aytdi.

«Biz uni hali ishdan olmaymiz. U uzoq vaqt ishlaydi, deb umid qilaman», – deya hazilni davom ettirdi Japarov.

Qirg‘iziston iqtisodiyot va tijorat vaziri Baqit Sidiqov bilan tanishar ekan, Mirziyoyev uni hukumatdagi «eng katta odam» deb atadi. Prezident iqtisodiyot vazirlarining faoliyatida «yo‘q» deyish tez-tez uchrashini hazil bilan qayd etdi. Japarov bu qatorga Moliya vazirligini ham qo‘shgach, Mirziyoyev «Ikkalasi baribir bir xil», deya javob berdi.

Qambarota GES-1 qurilishini tezlashtirish so‘raldi

Qirg‘iziston energetika vaziri Oltinbek Risbekov bilan suhbatda O‘zbekiston prezidenti Qambarota GES-1 loyihasini jadallashtirishga chaqirdi. Mirziyoyev O‘zbekistonda ham yangi energetika vaziri ish boshlaganini qayd etib, ikki mamlakat mutasaddilari birgalikda ko‘proq natija ko‘rsatishi kerakligini aytdi.

Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.