Avto

MG 07 elektromobili 20 soatda 21 mingta buyurtma oldi

MG
Foto: MG

MG kompaniyasining yangi MG 07 elektromobili Xitoyda dastlabki 20 soat ichida 21 mingdan ortiq buyurtma yig‘di. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, bu MG4 Urban modeli xuddi shu vaqt davomida qayd etgan natijadan ikki baravar yuqori.

MG 07 uchun dastlabki buyurtmalar 29-iyul kuni qabul qilina boshlandi. Kompaniya 30-iyulda e’lon qilgan ko‘rsatkich avtomobillarning yakuniy sotuvi yoki mijozlarga yetkazib berilgan nusxalar sonini emas, balki oldindan bronlarni anglatadi.

Elektr fastbekning boshlang‘ich narxi 125,9 ming yuan, ya’ni qariyb $18,6 mingni tashkil etadi. Eng qimmat versiya 165,9 ming yuan – taxminan $24,5 mingga baholangan. Jami beshta komplektatsiya taklif qilinadi. Ularning yurish zaxirasi versiyaga qarab 610 kilometrdan 845 kilometrgacha yetadi.

Yuqori versiyalar 800 voltli platformani oldi

Foto: CarNewsChina

MG 07’ning boshlang‘ich komplektatsiyalari 2026-yil avgustidan mijozlarga topshirilishi rejalashtirilgan. Tez quvvatlanishni ta’minlaydigan 800 voltli arxitekturaga ega yuqori toifadagi versiyalarni yetkazib berish esa oktabrda boshlanishi kutilmoqda. Avtomobilning ilk seriyali nusxasi iyul boshida SAIC’ning Chjenjoudagi zavodida ishlab chiqarilgan.

Modelning uzunligi 4 886 millimetr, kengligi 1 900 millimetr va balandligi 1 485 millimetrni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 2 825 millimetrga teng. Avtomobil romsiz eshiklar, besh xil holatda sozlanadigan elektr orqa spoyler va 19 dyuymli g‘ildirak disklari bilan jihozlangan. MG 07 SAIC’ning yangi avlod elektromobillar platformasida yaratilgan.

Yuqori komplektatsiyalarda tomga o‘rnatilgan lidar, Momenta R7 tizimi va X7 chipiga asoslangan haydovchiga ko‘maklashish funksiyalari mavjud. Ular navigatsiya asosida avtomatik harakatlanish va mustaqil to‘xtash joyiga kirish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Salonda Snapdragon 8295P chipida ishlaydigan 15,6 dyuymli 2,5K ekran, yo‘lovchi uchun «nol gravitatsiya» o‘rindig‘i hamda 21 ta karnayli audiotizim o‘rnatilgan. Old bagaj hajmi 168 litrni, orqa bagaj esa 697 litrni tashkil qiladi.

Avvalroq «Kursiv» MG 07 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.