
Kursiv Uzbekistan 31-iyul kuni sodir bo‘lgan mahalliy yangiliklarni bir joyga jamladi.
Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l transporti xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari ishchi va xizmatchilar, quruvchilar, muhandislar, mashinistlar, vagon kuzatuvchilari hamda soha faxriylarining mamlakat transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish va iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi.
Agrobank ishtirokida 40,14 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha bitim tuzildi
«Toshkent» Respublika fond birjasida ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha ikkinchi birja bitimi amalga oshirildi. Bitim doirasida 40,14 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari AT «Agrobank» ishtirokida yopiq obuna orqali joylashtirildi.
Mazkur obligatsiyalar rezident farmoni ijrosi doirasida «O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ huzuridagi «UMRC SPV» MChJ tomonidan chiqarilgan.
Belarusdan O‘zbekistonga ilk «Slavyan karvoni» blok-poyezdi yo‘lga qo‘yildi
Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida «Slavyan karvoni» nomli ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lkonteyner» xabar berdi.
Yangi logistika yo‘nalishi ikki davlat o‘rtasida yuklarni yetkazib berish muddatini 5 – 7 kungacha qisqartirishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilari Issiqko‘lda yangi besh yulduzli mehmonxonani ochdi
Qirg‘izistonning Issiqko‘l bo‘yida o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi doirasida davlat rahbarlari yangi besh yulduzli «Boku» mehmonxonasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Jizzax va Toshkent viloyatlarida ming tonnadan ortiq asfalt talon-toroj qilindi
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan 634 tonna asfalt talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti xabar berdi.
Tekshiruvga ko‘ra, mas’ullar 6 ta ichki yo‘lda asfalt yotqizish ishlarini bajarmagan. Buning o‘rniga xarid qilingan 348,7 mln so‘mlik asfaltni naqd pulga sotib yuborib, mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan.
O‘zbekiston va Polsha kasbiy ta’lim bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
O‘zbekiston texnikumlarida zamonaviy IT-ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha Polshaning «Techni Schools» ta’lim muassasasi bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari «Techni Schools» rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston texnikumlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kasbiy ta’lim tizimiga zamonaviy IT-dasturlarni joriy qilish va tajriba almashish masalalari muhokama etildi.
Poytaxtning ayrim tumanlarida 2 balli zilzila kuzatildi
31-iyul kuni soat 16:13:49 da Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida 2,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lumoti e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 5 kilometr chuqurlikda joylashgan. Epitsentr koordinatalari 41,32° shimoliy kenglik va 69,11° sharqiy uzunlik bo‘lib, u Toshkent shahridan 11 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan.