Yangiliklar

O‘zbekiston va Polsha kasbiy ta’lim bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

O‘quvchilar uchun amaliyot tashkil etilishi mumkin
O‘zbekiston va Polsha kasbiy ta’lim bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Foto: Lot Polish Airlines

O‘zbekiston texnikumlarida zamonaviy IT-ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha Polshaning «Techni Schools» ta’lim muassasasi bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari «Techni Schools» rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston texnikumlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kasbiy ta’lim tizimiga zamonaviy IT-dasturlarni joriy qilish va tajriba almashish masalalari muhokama etildi.

O‘quvchilar uchun amaliyot tashkil etilishi mumkin

Tomonlar o‘quvchilar uchun ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovkalar tashkil etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, pedagoglar malakasini oshirish va qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

«Techni Schools» hamkorlikka tayyorligini bildirdi

Ta’lim muassasasi rahbari Artur Chishevskiy O‘zbekiston texnikumlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

«Techni Schools» Varshava va Lyublin shaharlarida faoliyat yurituvchi nodavlat dasturlash texnikumlari tarmog‘i hisoblanadi. Hozir muassasada 200 nafardan ortiq o‘quvchilar tahsil olmoqda.

Bitiruvchilarning 80 foizi ishga joylashadi

«Techni Schools» 20 dan ortiq yetakchi IT-kompaniya bilan hamkorlik qiladi. Muassasa o‘quvchilari ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi.

Ma’lumotga ko‘ra, bitiruvchilarning 80 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek filmlari Polsha telekanalida namoyish etilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, dastlabki bosqichda 10 ta badiiy film va 10 ta serial polyak tiliga tarjima qilinib ovozlashtiriladi.