Avto

Faqat narx emas: O‘zbekistonda taksi bozoridagi raqobat qanday kuchaymoqda

Rasm: Andrey Matochenko / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda taksi bozori bir necha yil ichida, asosan, norasmiy segmentdan platforma iqtisodiyotining eng yirik qismlaridan biriga aylandi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilingan agregatorlar orqali 9,6 trln so‘mlik 479 mln marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan. Bir yil avval bozor aylanmasi 319,1 mln ta qatnov hisobiga 5,9 trln so‘mni tashkil etgan. Shunday qilib, bir yil ichida qayd etilgan aylanma qariyb 63 foizga, safarlar soni esa 50 foizga oshgan. O‘sish sur’ati saqlanib qolsa, joriy yilda bozor aylanmasi 15 trln so‘mdan oshishi mumkin.

Kursiv Uzbekistan bozor nima hisobiga o‘sayotgani va uning asosiy rivojlanish nuqtalari qayerda ekanini aniqlash uchun rasmiy statistikani, sohani tartibga solish jarayonini hamda Yandex Taxi, Uklon va WB Taxi izohlarini o‘rgandi.

Rasmiy statistika bozorning to‘liq hajmini ko‘rsatmaydi

Soliq qo‘mitasi statistikasi agregatorlar fiskal chek shakllantirib, ma’lumotlarni davlat organlariga taqdim etgan safarlarni qamrab oladi. Bu raqamli segment bo‘yicha mavjud eng ishonchli baho, biroq u yengil avtomobillarda yo‘lovchi tashish bozorining barchasini aks ettirmaydi. Haydovchi bilan bevosita kelishilgan safarlar, ko‘chadan topilgan taksilar va norasmiy shaharlararo tashuvlarning bir qismi ushbu statistikaga to‘liq kirmaydi.

Uklon bosh menejeri Eduard Kovtunning ta’kidlashicha, bozor hamon o‘zgarish jarayonida bo‘lib, asta-sekin shaffoflashayotgani sababli barcha ishtirokchilarning ulushini ishonchli aniqlash hozircha murakkab.

«Safarlarning bir qismi hamon raqamli platformalardan tashqarida amalga oshirilmoqda. Masalan, yo‘lovchi avtomobilni ko‘chadan topishi mumkin. Bugungi kunda ushbu segment hajmini yoki litsenziyasiz haydovchilar sonini ishonchli baholash imkonini beradigan ochiq ma’lumotlar mavjud emas», – deya tushuntirdi Kovtun.

Uklon bosh menejeri Eduard Kovtun

RWB kompaniyasining taksi va yo‘lovchi tashish texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro departamenti direktori Anatoliy Smorgonskiy Kursiv Uzbekistan’ga kompaniyada bozor bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar mavjudligini, biroq ularni tijoriy sabablarga ko‘ra oshkor qilishga tayyor emasligini bildirdi.

Shu sababli 9,6 trln so‘mni bozorning quyi chegarasi va uning eng shaffof qismi hajmi sifatida baholash lozim. Aholining individual avtomobil tashuvlariga sarflaydigan real xarajatlari bundan yuqori bo‘lishi mumkin. Biroq yo‘lovchilar, haydovchilar va tashuvchilar o‘rtasida alohida tadqiqot o‘tkazilmasdan norasmiy segmentni ishonchli baholab bo‘lmaydi.

O‘sishni talab va legallashtirish ta’minladi

2024 – 2025-yillardagi ko‘rsatkichlarning keskin o‘sishi faqat mobil ilovalar ommalashgani bilan izohlanmaydi. Dinamikaning muhim qismi avval hisobga olinmagan tashuvlarning rasmiy tizimga o‘tishi bilan bog‘liq.

Soliq qo‘mitasining yakuniy statistikasiga ko‘ra, uning axborot tizimlariga ulangan agregatorlar soni 2025-yil boshidagi 155 tadan yil yakunida 224 taga yetgan. Platformalar orqali ishlagan o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar soni esa 497,9 ming nafardan 574,6 minggacha oshgan.

Uklon bahosiga ko‘ra, bozor har yili 20 foizdan ko‘proqqa kengaymoqda.

«Bu biz uchun bir necha yil avval mamlakat salohiyatini to‘g‘ri baholaganimizning tasdig‘idir. Yangi o‘yinchilarning paydo bo‘lishi va raqobatning kuchayishi — o‘sib borayotgan bozor rivojlanishining tabiiy bosqichi», – dedi Uklon rahbari.

Agregatorlar qulaylik va shaffoflik hisobiga o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda. Yo‘lovchi avtomobilni tezda chaqirishi, safar shartlarini oldindan ko‘rishi va u haqidagi barcha ma’lumotlarni raqamli shaklda olishi mumkin. Haydovchi esa buyurtmalarning barqaror oqimiga hamda o‘z bandligini mustaqil boshqarish vositalariga ega bo‘ladi.

WB Taxi ham bozorning legallashtirilishini ijobiy baholamoqda. Smorgonskiyning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq ishlash barcha ishtirokchilar uchun manfaatli. Yangi hamkor taksiparklarning muntazam ravishda platformaga ulanishi esa qonuniy raqamli servislarga talab borligini ko‘rsatmoqda.

«Bozorning legallashtirilishi uning barcha ishtirokchilariga foyda keltiradi. WB Taxi’dagi barcha jarayonlar qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq tashkil etilgan», – dedi Smorgonskiy.

RWB taksi va tashuvlar servisi texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro departamenti direktori Anatoliy Smorgonskiy

2025-yil fevralidan litsenziyaga ega o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga shahar, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish bilan doimiy shug‘ullanish huquqi berildi. Avval ushbu tartib 2025-yil 1-yanvargacha amal qilishi belgilangan edi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar bergan.

O‘rtacha chek 20 ming so‘mdan oshdi

Safarning o‘rtacha qiymati 2024-yildagi 18 456 so‘mdan 2025-yilda 20 082,5 so‘mgacha, ya’ni qariyb 8,8 foizga oshgan. Bunda aylanmaning ko‘payishiga faqat tariflar o‘sishi emas, balki buyurtmalar sonining ortishi asosiy hissa qo‘shgan.

Uklon fiskallashtirish bilan muayyan safar narxi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik bor deb hisoblamaydi. Tarif dinamik tarzda shakllanadi va birinchi navbatda talab, mavjud avtomobillar soni, yo‘nalish hamda yo‘llardagi vaziyatga bog‘liq.

«Fiskallashtirishning o‘zi safarlar narxining oshishiga olib keladi, deb aytish noto‘g‘ri bo‘lar edi», – dedi Kovtun.

Naqdsiz to‘lovlar ulushi bosqichma-bosqich oshib bormoqda. 2024-yilda bozor aylanmasining qariyb 76,3 foizi naqd pulda to‘langan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 70,2 foizgacha kamaydi. Bank kartalari va boshqa naqdsiz to‘lov usullari orqali 2,8 trln so‘mlik to‘lov amalga oshirildi. Bu bir yil avvalgidan ikki baravar ko‘p bo‘lib, jami aylanmaning 29,8 foiziga teng.

WB Taxi sodiqlik dasturlarini rivojlantirish va karta orqali to‘lovlarni rag‘batlantirishga ham e’tibor qaratmoqda. Smorgonskiyning aytishicha, yo‘lovchilar karta orqali to‘laganda keshbek olish imkoniyatini ijobiy qabul qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy mijozlar ijtimoiy tarmoqlarda bonus ballari hisobiga chegirmasi 99 foizgacha yetgan safarlar skrinshotlarini e’lon qilmoqda. Kompaniya buni kuchayib borayotgan raqobat sharoitida foydalanuvchilarni jalb qilish vositalaridan biri sifatida ko‘rmoqda.

Yandex yetakchilikni saqlamoqda, Uklon o‘zini ikkinchi deb hisoblaydi

Bozorning taqsimlanishi bo‘yicha eng batafsil rasmiy ma’lumotlar 2024-yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan. 319,1 mln fiskal chekdan 271,3 mln.tasi Yandex Go orqali rasmiylashtirilgan. Servis hisobga olingan safarlarning qariyb 85 foizini ta’minlagan.

Pul ko‘rinishida uning ulushi qariyb 88 foizga yetgan – bozorning 5,9 trln so‘mlik umumiy aylanmasidan 5,2 trln so‘mi Yandex Go hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2024-yil oktabrida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi YandexGo UB taksi agregatori xizmatlari bo‘yicha ustun mavqe ko‘rsatkichlariga erishganini ma’lum qilgan.

Uklon o‘zining aniq bozor ulushini oshkor qilmaydi. Biroq kompaniyaning ichki hisob-kitoblariga ko‘ra, u bozorda «mustahkam ikkinchi o‘rin»ni egallaydi. Har oy servis orqali 20 mingdan ortiq faol haydovchi ishlaydi.

Kompaniya ularni ma’lum miqdordagi buyurtmalarni bajarish, talab yuqori bo‘lgan vaqtda ishlash, ayrim turdagi safarlarni amalga oshirish va avtomobilni brendlash uchun qo‘shimcha to‘lovlar orqali rag‘batlantiradi.

Shu bilan birga, onlayn taksi bozoridagi raqobat bir vaqtning o‘zida ikki auditoriya – yo‘lovchilar va haydovchilar uchun olib boriladi. Yetarli miqdordagi avtomobillarsiz tezkor xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi, barqaror talabsiz esa haydovchilarni platformada ushlab turish qiyin.

«Uzoq muddatli istiqbolda raqobat faqat narx yoki avtomobilning yetib kelish tezligiga bog‘liq bo‘lib qolmaydi. Servislarning asosiy imkoniyatlari bir-biriga yaqinlashgani sari mahsulot sifati, foydalanuvchilar uchun qulaylik va brendga bo‘lgan ishonchning ahamiyati ortadi», – deb hisoblaydi Kovtun.

WB Taxi faoliyat geografiyasini kengaytirmoqda

Raqobat kurashining yangi bosqichi WB Taxi bilan bog‘liq. Servis O‘zbekistonda 2025-yil oxirida ish boshlagan, biroq hozirning o‘zida nafaqat poytaxtda faol rivojlanmoqda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, servis Toshkent, Samarqand va Buxoroda ishga tushirilgan. WB Taxi o‘zining bozor ulushi va maqsadli ko‘rsatkichlarini oshkor qilmayapti, biroq yangi shaharlarga bosqichma-bosqich chiqishni rejalashtirmoqda.

Smorgonskiyning so‘zlariga ko‘ra, yangi shaharda servisni ishga tushirish to‘g‘risidagi qaror kompaniyaning talab bo‘yicha mustaqil bahosiga asoslanadi. Har bir shaharning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud, biroq bozor ishtirokchilarining asosiy talablari o‘xshash.

«Joylashuvdan qat’i nazar, haydovchilarga shaffof va manfaatli hamkorlik shartlari, yo‘lovchilarga esa qulay va hamyonbop safarlar kerak. Biz har ikki tomonga aynan shuni taqdim etishga intilamiz», – dedi RWB vakili.

WB Taxi strategiyasi mijozlar uchun jozibador taklif, haydovchilar uchun tushunarli shartlar va ekotizim doirasidagi qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi. Kompaniya yo‘lovchilar orasida safarlarga barqaror talab, haydovchilar orasida esa servisga yuqori qiziqish kuzatilayotganini ta’kidlamoqda.

Kelgusi bir-ikki yil ichida WB Taxi faoliyat geografiyasini kengaytirish, ilovani rivojlantirish va yangi imkoniyatlarni taklif etishni rejalashtirgan.

Asosiy o‘sish nuqtasi

Kompaniya matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Yandex Taxi hozir O‘zbekistonning barcha hududida – 19 ta shahar va ularning atrofida faoliyat yuritmoqda. Servis Kursiv Uzbekistan’ga yaqin yillardagi asosiy vazifa platforma hali mavjud bo‘lmagan shaharlarga chiqish va faoliyat yuritayotgan hududlarda buyurtmalarni bajarishga tayyor avtomobillar sonini oshirish ekanini bildirdi.

«Yaqin yillardagi asosiy e’tiborimiz butun mamlakat bo‘ylab foydalanuvchilar uchun servisdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratiladi», – deya ma’lum qildi Yandex Taxi.

Kompaniya poytaxt va hududlar o‘rtasidagi farqlar asta-sekin kamayib borayotganini ta’kidlamoqda. Hududlarda foydalanuvchilar ko‘proq qisqa safarlarni amalga oshiradi, ko‘plab shaharlarda esa servisdan Toshkentdagidan ham tez-tez foydalaniladi.

Kompaniya fikricha, bu onlayn taksi buyurtma qilish xizmati butun mamlakat bo‘ylab shahar transport tizimining odatiy qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.

Uklon vakillarining fikricha, poytaxtdagi modelni shunchaki boshqa shaharlarga ko‘chirish yetarli emas. Kompaniya hozircha Toshkentga e’tibor qaratgan, biroq boshqa shaharlarga chiqish imkoniyatlarini muntazam baholamoqda.

Servis yangi hududda ish boshlashdan oldin ehtimoliy talab, o‘rtacha chek, safarlarning uzunligi va takroriyligi, zarur investitsiyalar hamda modelning barqarorligini tahlil qiladi.

Poytaxtdan tashqarida avtomobilni mahalliy taksi xizmati orqali chaqirish, haydovchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishish yoki ko‘chadan mashina topish amaliyoti hamon keng tarqalgan. Bundan tashqari, aksariyat hududlarda o‘rtacha safar narxi pastroq, qatnovlar qisqaroq, onlayn taksi xizmatlaridan foydalanish esa nisbatan kamroq.

«Biz uchun yangi hududni ishga tushirish mavjud modelni shunchaki kengaytirish masalasi emas», – dedi Kovtun.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir shaharda xizmat turi, tariflar va platformada ishlash shartlarini mahalliy sharoitga moslashtirish zarur. Narx yo‘lovchi uchun qulay, safar esa haydovchi uchun daromadli bo‘lishi kerak. Aks holda agregator yetarli miqdordagi avtomobilni jalb qila olmaydi.

Raqobat bir vaqtning o‘zida yo‘lovchi va haydovchi uchun kechmoqda

Agregator uchun mijozlarni faqat chegirmalar orqali jalb qilishning o‘zi yetarli emas. Servis sifati mavjud avtomobillar soniga bog‘liq. Haydovchilar esa barqaror talab va tushunarli daromad bo‘lmasa, platformada qolmaydi.

Uklon o‘zining muhim farqlaridan biri sifatida haydovchining buyurtmalarni erkin tanlash imkoniyatini ko‘rsatmoqda. Haydovchi safarni qabul qilishidan oldin uning narxi va yakuniy manzilini ko‘radi. Shuningdek, avtomobilning yo‘lovchigacha yetib borish radiusi, narx, yo‘nalish va to‘lov turiga qarab filtrlar o‘rnatishi mumkin.

«Biz uchun haydovchining Uklon’ni faqat moliyaviy rag‘bat tufayli tanlamasligi muhim», – dedi Kovtun.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddatli istiqbolda platformani tanlash barqaror buyurtmalar oqimi, ehtimoliy daromad, shaffof shartlar, ilovaning qulayligi va o‘z bandligini mustaqil boshqarish imkoniyatining uyg‘unligiga bog‘liq bo‘ladi.

Yandex buyurtmalarni taqsimlash algoritmlarining samaradorligiga urg‘u bermoqda. Kompaniya avtomobillarning yo‘lovchisiz bosib o‘tadigan masofasini qisqartirish, haydovchining keyingi buyurtmani kutish vaqtini kamaytirish va yo‘lovchiga avtomobil yetib kelishini tezlashtirish uchun algoritmlarni muntazam takomillashtirmoqda.

«Bu haydovchilarga yo‘nalishdagi vaqtini samaraliroq ishlatish va bir soatdagi ehtimoliy daromadini oshirishga, foydalanuvchilarga esa hamyonbop narxda avtomobilni tezroq topishga yordam beradi», – deya ta’kidladi Yandex Taxi matbuot xizmati.

Toshkentda servis hamkorlarini qo‘llab-quvvatlash dasturi ham amal qilmoqda. Tadbirkorlar kompaniyadan bonuslar, maxsus lizing shartlari va biznesni rivojlantirishga mo‘ljallangan boshqa vositalarni olishlari mumkin.

Tariflar yanada moslashuvchan bo‘lmoqda

Raqobat kurashining navbatdagi bosqichi mahsulotni segmentlarga ajratish bilan bog‘liq. Yandex yuqori toifadagi taksi xizmatlari ilgari mavjud bo‘lmagan shaharlarda tegishli tariflar qatorini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, kompaniya safar narxini kamaytirishga yordam beradigan yechimlarni rivojlantiryapti.

Xususan, kompaniya «Birga» tarifini kengaytirishda davom etmoqda. Shuningdek, foydalanuvchi mashinaga chiqish joyigacha biroz piyoda yurishga yoki avtomobilni uzoqroq kutishga tayyor bo‘lsa, safarni arzonroq narxda tanlash imkonini beruvchi yechimlar rivojlantirilmoqda.

Uklon O‘zbekistonda turdosh yo‘nalishlarni ham rivojlantirmoqda. Ular orasida yetkazib berish, Uklon Business korporativ safarlari va Uklon Ads reklama servisi mavjud.

«Biz asta-sekin bitta mahsulotga asoslangan modeldan ekotizim modeliga o‘tmoqdamiz», – dedi Kovtun.

Bitta xizmatga asoslangan modeldan ekotizimga o‘tish platformalarga foydalanuvchilarni jalb qilish xarajatlarini bir nechta yo‘nalish o‘rtasida taqsimlash va mijozlarning ilovadan foydalanish faolligini oshirish imkonini beradi.

Haydovchilarning yarmi yiliga 5 mln so‘mgacha daromad oladi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, agregatorlar orqali o‘zini o‘zi band qilgan 574,6 ming nafar haydovchi ishlagan. Biroq daromadlar tarkibi ularning katta qismi uchun taksi haydash qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Yil davomida 159,7 ming nafar haydovchi 1 mln so‘mgacha, yana 146,7 ming nafari esa 1 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha daromad olgan. Shunday qilib, ro‘yxatdan o‘tgan haydovchilarning 53 foizida agregatorlar orqali olingan yillik daromad 5 mln so‘mdan oshmagan.

15,5 mingdan ortiq haydovchilar yil davomida 100 mln so‘mdan ko‘proq daromad olgan. Bu jami haydovchilarning qariyb 2,7 foiziga teng.

Ushbu raqamlar bozorda ikki xil bandlik shakli mavjudligini ko‘rsatadi: haydovchilarning nisbatan kichik qismi taksichilik bilan muntazam shug‘ullansa, yuz minglab avtomobil egalari faqat vaqti-vaqti bilan buyurtma bajaradi.

Shu bilan birga, ayrim haydovchilar agregatorga yilning ikkinchi yarmida ulangan bo‘lishi mumkin. Shu sababli rasmiy ma’lumotlar ularning qancha muddat ishlaganini ko‘rsatmaydi va o‘rtacha oylik daromadini aniq baholash imkonini bermaydi.

Bunday tuzilma bozor uchun ham qulaylik, ham muayyan xavflarni keltirib chiqaradi. Haydovchilar sonining moslashuvchanligi talab yuqori bo‘lgan vaqtda yo‘nalishdagi avtomobillarni tez ko‘paytirish imkonini beradi. Biroq taksichilik bilan muntazam shug‘ullanmaslik haydovchilarning avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish va xizmat sifatini oshirishga mablag‘ sarflashga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi mumkin.

Xavfsizlik raqobat omiliga aylanmoqda

Narxlar va avtomobilning yetib kelish tezligi o‘rtasidagi farq kamaygani sari platformalar xavfsizlik vositalari orqali ham faolroq raqobatlasha boshlamoqda.

Uklon’da yo‘lovchilar va haydovchilar uchun SOS tugmasi mavjud. Safar va yo‘nalish haqidagi ma’lumotlarni yaqinlar bilan bo‘lishish mumkin. Buyurtma yakunlanganidan keyin yo‘lovchining telefon raqami haydovchi uchun ko‘rinmaydi.

Tekshiruv haydovchini ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida zarur hujjatlarni nazorat qilishdan boshlanadi. Dastlabki 15 ta buyurtma bajarilganidan so‘ng haydovchi fotonazoratdan o‘tadi.

Platforma haydovchining reytingini, qo‘llab-quvvatlash xizmatiga kelib tushgan murojaatlarni, shikoyatlarni va takrorlanuvchi signallarni ham tahlil qiladi. Talablar muntazam buzilgan taqdirda haydovchiga nisbatan cheklovlar qo‘llanishi, hatto u servisdan uzib qo‘yilishi mumkin.

«Biz uchun xavfsizlik — mahsulot, jarayonlar va servis sifati bilan bir vaqtda olib boriladigan doimiy ish», – deya ta’kidladi Kovtun.

Driver Care va Customer Care yo‘nalishlarida 50 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi. Ular yo‘lovchilar va haydovchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda noodatiy vaziyatlarni o‘rganadi.

Kompaniya xavfsizlik standartlari va servis ishonchliligini oshiruvchi yangi texnologik yechimlar ustida ishlashni davom ettirmoqda.

Shunga o‘xshash vositalar boshqa servislarda ham mavjud.

Bozor rivojiga nimalar ta’sir qiladi

So‘rovda qatnashgan uchala agregator vakillari ham raqobatning kuchayishini ijobiy baholamoqda. Biroq kompaniyalarning har biri bozordagi mavqeyini mustahkamlash uchun turli vositalarga tayanmoqda.

«Foydalanuvchilarda tanlov mavjudligi bozor rivojlanishining muhim omilidir. Raqobat ishtirokchilarni yangi texnologiyalarni tezroq joriy etishga, servis sifatini oshirishga va yangi yechimlarni taklif qilishga undaydi», – deya ma’lum qildi Yandex Taxi.

Shu bilan birga, rasmiy ma’lumotlarda taksi qatnovlarining hududlar kesimidagi taqsimoti, platformalarning komissiya miqdori, haydovchilarning xarajatlardan keyingi sof daromadi, ish kunining davomiyligi hamda avtomobilning yo‘lovchisiz yurish vaqti deyarli ochiqlanmaydi.

Ushbu ma’lumotlarsiz platformalar orqali bandlikning iqtisodiy jihatdan qanchalik barqaror ekanini to‘liq baholab bo‘lmaydi.