
Rossiyaning moliyaviy monitoring xizmati — Rosfinmonitoring Telegram asoschisi Pavel Durovni terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu qaror Durovga nisbatan terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ortidan qabul qilindi.
Asosiy oqibatlar Durovning o‘ziga taalluqli
Mazkur qaror, avvalo Pavel Durovning Rossiyadagi moliyaviy operatsiyalariga ta’sir qiladi. Xususan, uning bank hisobvaraqlari va mol-mulki muzlatilishi mumkin, unga pul o‘tkazmalari esa ayrim holatlarda terrorchilikni moliyalashtirish sifatida baholanishi ehtimoli bor.
Telegram faoliyati davom etmoqda
Ayni paytda Pavel Durovning ro‘yxatga kiritilgani Telegram messenjeri taqiqlanganini anglatmaydi. Foydalanuvchilar ilovadan foydalanish, xabar almashish, kanallar ochish, post joylashtirish va Telegram Premium xizmatiga obuna bo‘lishda davom etishlari mumkin.
Durov bahsli avatarni o‘rnatdi
Ayblovlar e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, Pavel Durov o‘zining Telegram kanalidagi avatarini internetda avvalroq tarqalgan, yuzi terrorchi suratiga montaj qilingan memga almashtirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay u ushbu avatarni olib tashlab, o‘zining oddiy fotosuratini qayta o‘rnatdi. Durovning o‘zi ham, Telegram ma’muriyati ham ayblovlar yuzasidan rasmiy izoh bermadi.
Kelajakda cheklovlar kuchayishi mumkin
Agar kelgusida Rossiya Telegramning o‘zini ham taqiqlangan tashkilot deb topsa, platformadan foydalanish, reklama joylashtirish va boshqa faoliyatlarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar joriy etilishi mumkin. Hozircha bunday qaror qabul qilinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pavel Durov terrorizm ishi bo‘yicha qidiruvga berilgani haqida yozgandi.