Yangiliklar

Toshkentda yolg‘iz yashagan keksa ayol ishi ortidan mas’ullar ishdan olindi

Mas’ullar uning ahvoli og‘irlashayotganini vaqtida aniqlamagan
Toshkentda yolg‘iz yashagan keksa ayol ishi ortidan mas’ullar ishdan olindi
Ekran tasviri videodan

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yolg‘iz yashagan keksa ayol qarovsiz qolgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘ldi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni o‘rganib, ayol doimiy parvarishga muhtoj bo‘lganini, biroq mas’ullar uning ahvoli og‘irlashayotganini vaqtida aniqlamaganini bildirdi. Shu sabab tegishli xodimlar lavozimidan ozod etildi.

Holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uylardan birida yolg‘iz yashovchi keksa ayolning og‘ir sharoitda qolgani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda ayolning qarovsiz qolgani, uyda oziq-ovqat, suv va gaz bilan bog‘liq muammolar borligi aytilgan.

Mazkur holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan alohida nazoratga olindi. Agentlikning hududiy mas’ullari va soha mutaxassislari vaziyatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Ayolga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatilgan

O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, Mirzo Ulug‘bek tumani Habib Abdullayev mahallasida yashovchi L. Juravlyovaga 2026-yil 11-iyundan boshlab uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish uchun vaucher rasmiylashtirilgan.

Agentlikka ko‘ra, ayolga haftasiga to‘rt marta ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelingan. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi xulosasiga asosan, unda kognitiv buzilishlar va tomirli demensiya aniqlangan, u muntazam shifokor nazoratida bo‘lgan.

Qo‘shimcha tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

Fuqaroning sog‘lig‘ini kompleks baholash uchun qo‘shimcha tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ko‘rik yakunida unga 2 – 3-darajali distsirkulyator ensefalopatiya, kognitiv buzilishlar, tomirli demensiya hamda tarqoq osteoxondroz tashxisi tasdiqlandi.

Mutaxassislar ayolning xotirasi, fikrlashi va atrof-muhitda mo‘ljal olish qobiliyati sustlashganini aniqladi. U mustaqil ovqatlanish va kundalik ehtiyojlarini qondirishda qiynalayotgani qayd etildi.

Doimiy parvarishga muhtoj deb topildi

Kuzatuvlar ayol yolg‘iz qolganda o‘ziga va atrofdagilarga zarar yetkazish xavfi yuqori ekanini ko‘rsatgan. Xususan, gaz jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki eshikni ochiq qoldirish kabi holatlar xavf omili sifatida ko‘rsatilgan.

Shu sabab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan u Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga joylashtirildi. Hozirda unga markazda tibbiy yordam va 24 soatlik parvarish xizmati ko‘rsatilmoqda. Agentlik ayolning sog‘lig‘i barqarorligi va unga munosib sharoit yaratilganini bildirdi.

Mas’ullar lavozimidan ozod etildi

Tekshiruv yakunida tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi va tibbiyot birlashmasi xodimlari ayolning ahvoli og‘irlashayotganini o‘z vaqtida aniqlamagani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, ular fuqaroga doimiy parvarishga muhtojlik darajasini vaqtida belgilamagan. Shu sabab tegishli mas’ullar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ijtimoiy ish kasbiy faoliyat sifatida belgilanayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot hamda jazoni ijro etish sohalarida tashkil qilinadi.