Gadjetlar

Vivo X300e smartfoni sotuvga chiqdi — narx

Vivo X300e smartfoni sotuvga chiqdi — narx
Foto: Vivo

Vivo kompaniyasi Vivo X300e smartfonini Xitoyda sotishni boshladi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Snapdragon 8 Gen 5 protsessori, 7200 mA/soat sig‘imli akkumulyator va Zeiss bilan hamkorlikda sozlangan kameralar tizimiga ega qurilma 31-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da savdoga chiqarildi. Smartfon uchun oldindan buyurtmalar 27-iyuldan qabul qilina boshlagan edi.

Vivo X300e’ning 12 GB tezkor va 256 GB ichki xotirali versiyasi 4 799 yuanga, ya’ni taxminan $710 ga baholangan. 12 GB va 512 GB xotirali konfiguratsiya esa 5 299 yuan – qariyb $780 turadi. Model qora, oq va to‘q sariq ranglarda taklif etilmoqda.

Smartfon Qualcomm’ning Snapdragon 8 Gen 5 chipida ishlaydi. Protsessorning maksimal takt chastotasi 3,8 gigagersgacha yetadi. Qurilmaga LPDDR5X operativ xotirasi, UFS 4.1 saqlash tizimi va OriginOS 6 operatsion tizimi o‘rnatilgan.

Zeiss kamerasi va 90 vattli quvvatlash

Vivo X300e 144 gers yangilanish tezligiga ega 6,59 dyuymli 1,5K OLED ekran bilan jihozlangan. Orqa paneldagi kameralar tizimi 50 megapikselli asosiy modul, 50 megapikselli periskop teleobyektiv hamda 8 megapikselli ultrakeng burchakli kameradan iborat. Tasvirlarni qayta ishlash va ranglarni uzatish Zeiss texnologiyalari yordamida sozlangan.

7200 mA·soat sig‘imli akkumulyator 90 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma ekranga o‘rnatilgan ultratovushli barmoq izi skaneri, NFC, infraqizil port, stereo karnaylar hamda IP68 va IP69 standartlari bo‘yicha suv va changdan himoya bilan ta’minlangan.

X300e Vivo‘ning X300 turkumidagi X300, X300 Pro, X300s va X300 Ultra’dan keyingi beshinchi model bo‘ldi. Smartfonning Xitoydan tashqaridagi bozorlarga chiqarilishi haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vivo 130 dollarlik katta batareyali smartfon chiqargani haqida yozgan edi.