
Toshkentning Mirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida olib borilgan qurilish ishlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Holat bo‘yicha «Al-Latif Hearts Tower» MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hudud avval «Mahalla» fondi balansida bo‘lgan
Ma’lumotga ko‘ra, Mirobod tumanidagi «Lolazor» MFY hududida joylashgan bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnidagi qurilish ishlari 30-iyul kuni o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, ushbu hudud avval «Mahalla» xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan. Keyinchalik u «Al-Latif Hearts Tower» MChJ tasarrufiga o‘tkazilgan va rekonstruksiya hamda qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan.
Aholi qurilishga qarshi chiqqan
Hududdagi ko‘p qavatli uylar aholisi mazkur joyda yangi bino qurilishiga qarshilik bildirgan. Shuningdek, «Mahalla» xayriya jamoat fondi bilan investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi bekor qilingan.
Shunga qaramay, 2026-yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani aniqlangan. Bu holat davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgani aytilmoqda.
Gumonlanuvchi ushlangan
Holat yuzasidan 2026-yil 27-iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan «Al-Latif Hearts Tower» MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
Maydonchani avvalgi holatiga qaytarish choralari ko‘rilmoqda
Ayni paytda tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrifidan so‘ng Toshkent shahrida aholi foydalanishi uchun ajratilgan hududlarda qurilish olib borishga berilgan ruxsatnomalar qonuniyligi to‘liq tekshirilishi xabar qilingandi.