
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun iste’mol lizingini yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tayyorlagan qonun loyihasida fuqarolarga tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda lizing asosida mol-mulk olish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Lizing faqat biznes uchun bo‘lmasligi mumkin
Amaldagi tartibda lizing ko‘proq tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq vosita sifatida qo‘llanadi. Yangi loyiha bilan Fuqarolik kodeksi va «Lizing to‘g‘risida»gi qonundan lizing obyektidan faqat tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish talabi chiqarib tashlanmoqda.
Shundan so‘ng lizing oluvchi sifatida nafaqat yuridik shaxslar, balki jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ham qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Iste’mol lizingi nima bo‘ladi
Loyihaga ko‘ra, iste’mol lizingi — bu mol-mulkni fuqaroga biznes bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda, ma’lum muddatga haq evaziga foydalanish uchun berish.
Bunday lizing faqat shaxsiy, oilaviy yoki kundalik ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan iste’mol qilinmaydigan mol-mulkka nisbatan qo‘llanadi. Ya’ni u uzoq muddat foydalaniladigan buyumlar va mulkka tegishli bo‘ladi.
Shartnomada muhim ma’lumotlar ko‘rsatiladi
Agar lizing oluvchi jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa, shartnomada lizing obyektining huquqiy va mulkiy maqomi, u qaysi tomon balansida hisobga olinishi, amortizatsiya tartibi hamda mulkdan foydalanish shartlari aniq yozilishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, iste’molchining huquqlarini cheklaydigan yoki unga qonunda belgilanmagan qo‘shimcha majburiyat yuklaydigan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Lizing tashkilotlari nazoratga olinadi
Qonun loyihasida lizing xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tartibga solishi belgilanmoqda.
Vazirlik lizing tashkilotlari reyestrini yuritadi, ularning faoliyatini monitoring qiladi, aktivlar sifatini baholash bo‘yicha talablarni belgilaydi hamda zarur hollarda kompaniyalar faoliyatini to‘xtatib turish yoki sudga murojaat qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
Ustav kapitali uchun eng kam talab belgilanadi
Lizing xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun ustav fondining eng kam miqdori bosqichma-bosqich belgilanadi.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-apreldan u kamida 2 mlrd so‘m, 2029-yil 1-yanvardan esa kamida 3 mlrd so‘m bo‘lishi kerak. Ustav kapitali faqat muassislar tomonidan kiritilgan pul mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
Ushbu loyiha muhokamasi 5-avgustga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mol-mulkka qo‘yilgan taqiqlarni davlat ijrochisi bekor qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, agar undiruvchi realizatsiya qilinmay qolgan mol-mulkni o‘zida qoldirish taklifiga rozi bo‘lsa, mol-mulkka qo‘yilgan taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida olib tashlanadi.