Yangiliklar

Pedagoglar attestatsiyasi uchun arizalar qabuli boshlandi

1-avgustdan boshlab
Pedagoglar attestatsiyasi uchun sinov topshiriqlari spetsifikatsiyasi tasdiqlandi
Foto: Pixabay

1-avgustdan boshlab pedagog kadrlarning navbatdagi va navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishi uchun arizalar qabuli boshlandi. O‘qituvchilar arizani my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasi orqali onlayn yuborishi mumkin.

Pedagoglar attestatsiyaga ariza berish uchun my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasiga kiradi. U yerda «Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish» xizmati tanlanadi.

Tizimda avtomatik shakllangan ma’lumotlar tekshiriladi, kerakli bo‘limlar to‘ldiriladi va attestatsiya turi belgilanadi.

Majburiy attestatsiya bepul bo‘ladi

Reja asosida navbatdagi, ya’ni majburiy attestatsiyadan o‘tayotgan pedagoglardan to‘lov olinmaydi.

Navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashmoqchi bo‘lgan, ya’ni malaka toifasini muddatidan oldin oshirishni istagan pedagoglar esa to‘lov qiladi. Bunda to‘lov miqdori BHMning 50 foizini tashkil etadi.

Onlayn ariza uchun chegirma beriladi

Ariza my.gov.uz orqali yuborilganda navbatdan tashqari attestatsiya to‘lovi uchun 10 foiz chegirma qo‘llaniladi.

Bu pedagoglarga arizani uydan chiqmagan holda topshirish va jarayonni elektron tarzda kuzatib borish imkonini beradi.

Natijalar shaxsiy kabinetda ko‘rinadi

Arizaning ko‘rib chiqilish holati, imtihonga ruxsatnoma va yakuniy natijalar shaxsiy kabinetda real vaqt rejimida aks etadi.

Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagoglarga elektron malaka toifasi sertifikati yuboriladi. Ushbu sertifikat to‘liq yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktablarda dars soatlari yangi tartibda taqsimlanishi haqida xabar berilgandi. Ustuvorlik mezonlari qisqartirilib, asosiy e’tibor o‘qituvchilarning kasbiy salohiyati va malakasiga qaratiladi.