Yangiliklar

Toshkentdagi ayrim ko‘chalar yopilishi sabab 9 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgardi

Oqqo‘rg‘on va Parkent ko‘chalarining ayrim qismlari avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopiladi
Magic City hududida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar paydo bo‘ldi
Foto: Transport vazirligi

Toshkentda 31-iyuldan 3-avgust kuni soat 22:00 gacha Oqqo‘rg‘on va Parkent ko‘chalarining ayrim qismlari avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi. Shu munosabat bilan ushbu hududdan o‘tuvchi bir qator avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgartiriladi.

Cheklov Oqqo‘rg‘on ko‘chasining Osiyo ko‘chasidan Mustaqillik ko‘chasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismiga taalluqli bo‘ladi.

Shuningdek, Parkent ko‘chasining Mustaqillik ko‘chasidan Kichik halqa yo‘ligacha bo‘lgan qismi ham vaqtincha yopiladi.

Xarita: Toshkent shahar transport va yo’l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi

Avtobuslar boshqa ko‘chalardan yuradi

  • 88, 89 va 95-sonli avtobus yo‘nalishlarining Parkent ko‘chasi tomon harakati Oqqo‘rg‘on, Katta Darxon, Kichik halqa yo‘li va Parkent ko‘chalari orqali tashkil etiladi.
  • 17 va 24-sonli yo‘nalishlarning «Buyuk ipak yo‘li» metrosi tomon harakati Oqqo‘rg‘on, Katta Darxon, Kichik halqa yo‘li, Parkent va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari orqali yo‘lga qo‘yiladi.
  • 60-sonli yo‘nalishning «Buyuk ipak yo‘li» metrosi tomon harakati Shahrisabz, Maxtumquli va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari orqali amalga oshiriladi.
  • 58-sonli yo‘nalishning Do‘stlik mavzesi tomon harakati Ekskavator zavodi bekatidan Kichik halqa yo‘li, Maxtumquli va Shahrisabz ko‘chalari orqali tashkil etiladi.
  • 62 va 70-sonli yo‘nalishlar esa Parkent va Muhammad Yusuf ko‘chalari orqali Muhammad Yusuf ko‘chasi so‘nggi bekatigacha qisqartirilgan holda harakatlanadi.

Tirbandliklar ortishi mumkin

Cheklovlar davomida ushbu hududlarda tirbandliklar ortishi ehtimoli bor. Shu sabab avtobuslar harakati va oraliq intervali odatdagidan biroz cho‘zilishi mumkin.

Yo‘lovchilarga safarlarini oldindan rejalashtirish tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 79,6 ming chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi beshinchi qismi asosida chora ko‘rilgan. Mazkur qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismi, ya’ni 41,2 ming so‘m jarima belgilangan.