
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilib pul olgan shaxs hamda 741 mln so‘mlik suyultirilgan gaz ballonlarini o‘zlashtirgan mas’ullar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Nukus shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro yakka tartibdagi tadbirkorning «Bayterek» mahallasidagi savdo do‘koni kadastr hujjatlarini xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 20 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tekshiruv davomida u avvalroq yana bir tadbirkorning savdo do‘koniga oid kadastr hujjatlarini tanishlari orqali rasmiylashtirishni va’da qilib, 25 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ham aniqlangan.
Gaz ballonni o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi

Kegeyli tumanida esa «Kegeylitumangaz» ta’minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari qiymati 741 mln so‘mlik 781 dona suyultirilgan gaz ballonini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.
Nukusdagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga oid moddalari, Kegeylidagi holat bo‘yicha esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish moddasi asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Namanganda 1,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanigani haqida yozgan edi.