Gadjetlar

Samsung Galaxy A56 yoki Honor 500 Pro: qaysi biri yaxshiroq

Samsung Galaxy A56 yoki Honor 500 Pro: qaysi biri yaxshiroq
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Samsung Galaxy A56 va Honor 500 Pro tashqi ko‘rinishidan bir-biriga yaqin narx toifasidagi smartfonlardek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa ular turli darajadagi qurilmalar hisoblanadi. Kursiv Uzbekistan ikki modelning imkoniyatlari va qulayliklarini taqqosladi.

Texnik imkoniyatlar

Samsung Galaxy A56 4 nanometrli Exynos 1580 protsessori bilan jihozlangan. Ushbu chip kundalik vazifalar, ijtimoiy tarmoqlar, foto va video tahrirlash hamda ko‘pchilik mobil o‘yinlar uchun yetarli imkoniyat taqdim etadi. Qurilmada 120 Hz yangilanish chastotasiga ega 6,7 dyuymli FHD+ Super AMOLED ekran o‘rnatilgan.

Foto: Samsung

Displeyning kattaligi film tomosha qilish, matn o‘qish va o‘yin o‘ynashda qulaylik yaratadi. Smartfon konfiguratsiyasiga qarab 12 GB gacha tezkor xotira bilan taklif etiladi.

Honor 500 Pro esa Snapdragon 8 Elite protsessorida ishlaydi. Bu chip Exynos 1580 bilan taqqoslaganda ancha yuqori unumdorlikka ega bo‘lib, og‘ir o‘yinlar, yuqori sifatli video tahrirlash va bir vaqtning o‘zida bir nechta talabchan dastur bilan ishlashga ko‘proq mos keladi. Smartfon 2736 × 1264 pikselli, 120 Hz yangilanish chastotasiga ega 6,55 dyuymli ekran olgan.

Batareya

Galaxy A56 5 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Qurilma 45 vattli simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday sig‘im odatiy foydalanishda bir kunlik ishlash uchun yetarli bo‘lishi mumkin, biroq o‘yin, navigatsiya va mobil internetdan faol foydalanilganda smartfonni kechga yaqin quvvatlash talab etilishi ehtimoli bor.

Foto: Honor

Honor 500 Pro‘ga esa 8 000 mA/soatli kremniy-uglerod batareyasi o‘rnatilgan. U 80 vattli simli, 50 vattli simsiz va 27 vattli teskari quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlab chiqaruvchi bunday akkumulyator ikki kunlik foydalanishga mo‘ljallanganini bildirgan. Amaldagi natija ekran yorqinligi, mobil aloqa sifati va foydalanish uslubiga bog‘liq bo‘lsa-da, sig‘imdagi katta farq Honor foydasiga ishlaydi.

Kamera tizimi

Samsung Galaxy A56’ning orqa tomonida optik barqarorlashtirish tizimiga ega 50 megapikselli asosiy kamera, 12 megapikselli ultra keng burchakli modul va 5 megapikselli makrokamera joylashgan. Old kamera 12 megapiksel aniqlikda suratga oladi. Qurilma 4K formatda soniyasiga 30 kadr tezlikda video yozishi, tungi suratga olish va sun’iy intellekt yordamidagi tahrirlash funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi.

Foto: Samsung

Honor 500 Pro‘da 1/1,4 dyuymli sensor va optik barqarorlashtirishga ega 200 megapikselli asosiy kamera qo‘llanilgan. Unga 3 karra optik yaqinlashtirish imkoniyatiga ega 50 megapikselli telefoto kamera hamda makrosurat olishni qo‘llab-quvvatlovchi 12 megapikselli ultra keng burchakli modul qo‘shilgan. Old kamera ham 50 megapiksel aniqlikka ega.

Honor’ning asosiy ustunligi faqat 200 megapikselli kamera emas. Alohida telefoto modul portret, uzoqdagi obyektlar va optik yaqinlashtirishda Galaxy A56’dan ko‘proq imkoniyat beradi.

Foydalanish qulayliklari

Galaxy A56’ning asosiy afzalliklaridan biri uning One UI interfeysi va uzoq muddatli dasturiy qo‘llab-quvvatlashidir. Samsung qurilma uchun oltitagacha operatsion tizim yangilanishi va olti yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilgan.

Foto: Huaweicentral

Smartfon IP67 himoyasi, Gorilla Glass Victus oynasi, Samsung Knox Vault xavfsizlik tizimi, NFC va Galaxy ekotizimi bilan integratsiyani taklif etadi. Korpus qalinligi 7,4 millimetr, og‘irligi esa 198 grammni tashkil qiladi.

Honor 500 Pro IP68, IP69 va IP69K standartlari bo‘yicha suv hamda changdan kuchliroq himoyalangan. MagicOS 10 tizimida sun’iy intellektga asoslangan foto, ekran va kundalik boshqaruv funksiyalari mavjud.

Biroq model dastlab Xitoy bozori uchun taqdim etilgan. Import qilingan Xitoy versiyasida Google xizmatlarini o‘rnatish, mobil aloqa chastotalari, bildirishnomalar va kafolatli servis bilan bog‘liq qo‘shimcha masalalar yuzaga kelishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra va iPhone 16 Pro Max modellarini taqqoslagan edi.