Yangiliklar

Xitoydagi suv toshqinida 25 kishi halok bo‘ldi

Toshqin 26-iyul kuni sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Shuangshimen dam olish hududida sodir bo‘lgan
Xitoydagi suv toshqinida 25 kishi halok bo‘ldi
Foto: «Sinxua»

Xitoyning shimoli-g‘arbidagi Gansu provinsiyasida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 25 nafarga yetdi. Yana 23 kishi jarohatlangan. Bu haqda Xitoyning «Sinxua» davlat axborot agentligiga tayanib DW xabar berdi.

Toshqin 26-iyul kuni sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Shuangshimen dam olish hududida sodir bo‘lgan. Dastlab 10 kishi halok bo‘lgani va 23 kishi jarohatlangani ma’lum qilingan edi. Keyinchalik qurbonlar soni oshgan.

Hodisa aks etgan videolarda kuchli suv oqimi chodirlar va avtomobillar joylashtirilgan vodiy bo‘ylab shiddat bilan oqib o‘tayotgani ko‘rinadi.

Nimalar ma’lum

Foto: «Sinxua»

Xitoyning tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha milliy komissiyasi hodisa yuzasidan tekshiruv boshlashini ma’lum qilgan.

Mamlakatda yomg‘irli mavsum davom etayotgani sababli ayrim hududlarda yangi ko‘chkilar va suv toshqinlari yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar berildi. Xususan, Din­si hududida xavf yuqori ekani qayd etilgan.

Pekin va Ichki Mo‘g‘ulistonda ham kuchli yomg‘ir, shamol va momaqaldiroq bo‘yicha ogohlantirishlar e’lon qilindi. Bu yoz Xitoyning bir qator hududlari ekstremal ob-havo va keng ko‘lamli suv toshqinlaridan zarar ko‘rmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyning Gonkong hududiga yopirilgan «Xunsya» tayfuni kuchli shamol va vayronagarchiliklarni keltirib chiqargani haqida yozgan edi.