
Xiaomi kompaniyasi Redmi Turbo 6 Max smartfonini 10 000 mA/soatga yaqin sig‘imli batareya bilan sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Qurilmaning orqa tomonida ikkita kameradan iborat tizim o‘rnatilishi kutilmoqda. Redmi Turbo 6 Max taqdimoti 2027-yil yanvar oyida o‘tkazilishi mumkin. Xiaomi hozircha smartfonning nomi, texnik xususiyatlari va taqdimot sanasini rasman tasdiqlamagan.
Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 2K aniqlikdagi tekis, qariyb 7 dyuymli OLED ekran hamda MediaTek’ning uch nanometrli Dimensity 9 turkumiga kiruvchi yangi protsessorini oladi. Taxminlarga ko‘ra, qurilmada Dimensity 9600s chipi ishlatilishi mumkin.
Shuningdek, Redmi Turbo 6 Max metall rom, IP69 darajasidagi suv va changdan himoya hamda ekran ostiga o‘rnatilgan ultratovushli barmoq izi skaneri bilan jihozlanishi aytilmoqda. Smartfonning quvvatlash tezligi, xotira konfiguratsiyalari va narxi hozircha noma’lum.
Redmi brendi haqida

Redmi — Xitoyning Xiaomi korporatsiyasiga qarashli iste’mol elektronikasi brendi. U dastlab 2013-yilda hamyonbop smartfonlar turkumi sifatida paydo bo‘lgan, 2019-yil yanvaridan esa Xiaomi tarkibidagi alohida brend sifatida faoliyat yurita boshlagan. Kompaniyaning ikki brendli strategiyasida Xiaomi ilg‘or va yuqori narxli texnologiyalarga, Redmi esa kuchli texnik imkoniyatlarni nisbatan arzon narxda taklif etishga yo‘naltirilgan.
Redmi’ning eng mashhur mahsulotlaridan biri Note turkumi hisoblanadi. Ushbu smartfonlarda yuqori aniqlikdagi kameralar, katta sig‘imli batareyalar, tezkor quvvatlash va yuqori yangilanish chastotasiga ega ekranlar kabi avval flagmanlarda uchragan imkoniyatlar o‘rta narx segmentiga olib kiriladi. Redmi qurilmalari Xiaomi’ning HyperOS operatsion tizimida ishlaydi hamda kompaniyaning boshqa telefon, planshet va aqlli qurilmalari bilan o‘zaro bog‘lanish imkoniyatini taqdim etadi.
Avvalroq «Kursiv» Xiaomi smartfonlari qimmatlashayotgani haqida yozgan edi.