
O‘zbekistonda 2026-yil 7-avgustdan hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tartibi kuchga kiradi. Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan yoki ko‘paytiriladigan qoramol, qo‘y, echki, ot, tuya, cho‘chqa, it va mushuklar belgilangan muddatlarda ro‘yxatga olinishi kerak.
Qaysi hayvonlar ro‘yxatga olinadi
Qonunda hayvonlar sifatida qoramol, qo‘y, echki, cho‘chqa, ot, tuya, it va mushuklar ko‘rsatilgan. Ular jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlansa yoki ko‘paytirilsa, identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi kerak.
Identifikatsiya qilish uchun hayvonlarga alohida raqam beriladi. Bunda vizual birka, elektron mikrochip yoki mikrochipli birka kabi vositalardan foydalanilishi mumkin.
Ro‘yxatga olish muddatlari
Qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan 14 kun o‘tgach, otlar tug‘ilganidan 4 oy o‘tgach, cho‘chqalar tug‘ilganidan 1 oy o‘tgach ro‘yxatga olinadi.
Itlar va mushuklar esa tug‘ilganidan 3 oy o‘tgach identifikatsiya qilinishi kerak. Bunda hayvonlar belgilangan muddat tugaganidan keyin 1 oy ichida ro‘yxatga olinishi lozim.
Chet eldan olib kirilgan hayvonlar ham ro‘yxatga olinadi
Saqlash yoki ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonga olib kiriladigan hayvonlar mamlakatga olib kirilgan kundan boshlab 21 kundan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi kerak.
Agar hayvon so‘yilsa, nobud bo‘lsa, yo‘q qilinsa yoki O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqilsa, u 7 kun ichida hisobdan chiqariladi.
Ma’lumotlar elektron tizimga kiritiladi
Ro‘yxatga olingan hayvonlar haqidagi ma’lumotlar elektron axborot tizimiga kiritiladi. Bu tizimda hayvon egasi, hayvon haqidagi ma’lumotlar, identifikatsiya raqami, olib kirilgan yoki hisobdan chiqarilgan sanalar hamda kasalliklar profilaktikasi va davolash bo‘yicha ma’lumotlar jamlanadi.
Vakolatli davlat organi sifatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi belgilangan.
Egalar qonun talablariga rioya qilishi kerak
Hayvon egalari o‘ziga tegishli hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va zarur hollarda hisobdan chiqarish uchun vakolatli organga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
Qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish talablari buzilgan taqdirda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ham nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyeva hayvonlarga shafqatsizlik uchun jazo kuchaytirilganini eslatgandi. Uning ta’kidlashicha, bu normalar faqat aybdorlarni jazolash emas, balki jamiyatda zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.