Yangiliklar

AQSh restoranidagi otishmada uch kishi halok bo‘ldi

Hujumchi AR turidagi uzun stvolli qurol bilan qurollangan
AQSh restoranidagi otishmada uch kishi halok bo‘ldi
Foto: Anadolu agentligi

AQShning Aydaho shtatidagi Tvin-Fols shahrida joylashgan restoranda qurolli hujum sodir etilishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana yetti kishi jarohatlandi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

Mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 2-avgust kuni soat 14:00 atrofida yuz bergan. Yarim avtomatik miltiq bilan qurollangan shaxs restoranga kirib, tashrif buyuruvchilarga qarata o‘t ochgan.

Politsiya hujumchining jasadi restoran yaqinidan topilganini ma’lum qildi. Tvin-Fols politsiyasi boshlig‘i Metyu Hiksning aytishicha, hozircha qurollangan shaxsning kimligi aniqlanmagan. Voqea yuzasidan tergov davom etmoqda, guvohlar so‘roq qilinmoqda.

Qanday yuz bergan

Guvohlarning bildirishicha, hujumchi AR turidagi uzun stvolli qurol bilan qurollangan. Hodisa vaqtida restoran ichidagi fuqarolardan biri unga to‘pponchadan o‘q uzgan bo‘lishi mumkin.

Voqea joyidan o‘tib ketayotgan haydovchi tasvirga olgan videoda qora kiyimdagi qurollangan shaxs oq rangli avtomobil oldiga kelib, haydovchi eshigini ochgani ko‘rinadi. Keyin u mashina yukxonasini ham ochgan. Videoni olayotgan haydovchi hujumchi yana qurol olishi mumkinligidan xavfsirab, hududni tark etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pentagon Erondagi urush xarajatini $37,5 mlrdga baholagani haqida yozgan edi.