
«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 24-iyuldan 31-iyulgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,04 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbektelekom» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 10,40 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Trastbank» (+9,77%) va «Garant bank» aksiyalarida (+9,70%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Ipoteka-bank» aksiyalari 6,98 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «UzAuto Motors» (-5,29%) va «Agrobank» (-4,93%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Kapital sug‘urta», «Buxoroneftgazparmalash», «O‘zbekgeofizika» va «Uzbekinvest» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha «Aloqabank» (8 349 ta), UzNIF (4 510 ta) va «O‘zbektelekom» (2 830 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa UzNIF (1,81 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zbektelekom» (1,42 mlrd so‘m) va «O‘zRTXB» (518,43 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 17 tasi haftani ijobiy, to‘rttasi o‘zgarishsiz va 17 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 216,12 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshkent» RFB rahbari ipoteka obligatsiyalari uy-joy va kapital bozorlarini qanday o‘zgartirishi haqida ma’lumot bergandi. 2026-yil 8-iyul kuni «Toshkent» Respublika fond birjasida O‘zbekiston tarixida ilk bor ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha 40,56 mlrd so‘mlik bitim amalga oshirildi.