Yangiliklar

Har bir mavjudotning qadri bor — Mirziyoyeva hayvonlarga shafqatsizlik uchun jazo kuchaytirilganini eslatdi

Yangi tartib 28-iyundan kuchga kirdi
hayvonlarni identifikatsiya qilish
Foto: MauMyHa / depositphotos.com

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu normalar faqat aybdorlarni jazolash emas, balki jamiyatda zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.

Yangi tartib 28-iyundan kuchga kirdi

Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan yanada keskin jazo choralarini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari joriy yil 28-iyundan kuchga kirgan.

Endilikda bunday qilmishlar uchun ma’muriy jarimalar ikki baravar oshirilgan. Bundan tashqari, huquqbuzarlarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Takroriy holat jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin

Bu turdagi noqonuniy xatti-harakatlarni davom ettirgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, ayrim holatlarda bunday shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham qo‘llanishi nazarda tutilgan.

«Har bir mavjudotning qadri bor»

Prezident administratsiyasi rahbari bunday qonunlar faqat jazolash uchun qabul qilinmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, ular jamiyat qanday tartib va qadriyatlarni hamma uchun majburiy deb bilishini ham ko‘rsatadi.

U Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri borligini qayd etib, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun jazoning kuchaytirilishi jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilishini bildirdi.

Ota-onalarga murojaat qilindi

Saida Mirziyoyeva bolalarda o‘zgalar hayotiga hurmat tuyg‘usi bolalikdan shakllanishini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, bu borada asosiy mas’uliyat ota-onalar zimmasida. Aynan ular farzandlariga ojizlarga ozor yetkazish mumkin emasligini va kuchni shafqatsizlik orqali namoyon etish noto‘g‘ri ekanini tushuntirishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda mushukni qurilish maydoniga uloqtirgan ikki yigit 4,12 mln so‘mdan jarimaga tortilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 27-iyul kuni Andijon shahridagi Navro‘z Mall savdo-ko‘ngilochar majmuasi oldida yuz bergan.