Yangiliklar

Ko‘p qavatli uylarning tayanch devorlarini buzganlarga jinoiy javobgarlik belgilandi

Jarima va qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin
Shahar aholisining qariyb beshdan biri ko‘p kvartirali uylarda yashaydi / Foto: Unsplash

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzish yoki ularga shikast yetkazgan fuqarolar nafaqat jarimaga, balki takroriy holatlarda jinoiy javobgarlikka ham tortiladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Tayanch devorlarni buzish taqiqlanadi

Unga ko‘ra, ayrim mulkdorlar xonani kengaytirish maqsadida tayanch devorlarni buzishi yoki temir-beton plitalarni teshib, yerto‘laga yo‘l ochishi holatlari kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, bunday harakatlar binoning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalariga jiddiy zarar yetkazib, uning seysmik barqarorligini pasaytiradi hamda boshqa fuqarolarning hayotiga xavf tug‘diradi.

Jarima va qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarga shikast yetkazganlik uchun jismoniy shaxslarga BHMning 50 baravari, mansabdor shaxslarga esa BHMning 100 baravari miqdorida ma’muriy jarima belgilanadi.

Agar ushbu qoidabuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, aybdorlarga nisbatan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2–3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2–3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Nazorat kuchaytirildi

Mazkur turdagi qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida inspeksiya xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari kuchaytirilgani bildirildi.

Fuqarolar bunday holatlarga duch kelsa yoki guvoh bo‘lsa, inspeksiyaning 71 200 69 02 raqamli koll-markaziga murojaat qilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Miroboddagi bolalar maydonchasi buzilishi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani haqida yozgandi.