
O‘zbekistonda maktablar, akademik litseylar, kollejlar, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalarida xavfsizlik talablari kuchaytiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizomda keltirilgan.
Endilikda ta’lim muassasalariga kirish nazorat-o‘tkazish punktlari orqali amalga oshiriladi, begona shaxslarning hududga ruxsatsiz kirishi cheklanadi.
Kirish-chiqish elektron tizim orqali nazorat qilinadi
Unga ko‘ra, ta’lim muassasalarining asosiy kirish joylarida zamonaviy kirish-chiqishni nazorat qilish tizimlari va nazorat-o‘tkazish punktlari tashkil etiladi.
Kirish va chiqish haqidagi ma’lumotlar elektron tizimda qayd etilib, kamida uch oy davomida saqlanadi.
Biometrik identifikatsiya joriy etiladi
Yangi tartibga muvofiq, ta’lim muassasalari hududiga kirish biometrik identifikatsiya (barmoq izi, ko‘z gavhari va boshqa biometrik belgilar) yoki boshqa ruxsat beruvchi identifikatorlar orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, barcha kirish va chiqishlar elektron jurnalga kiritiladi.
Begona shaxslarning kirishi cheklanadi
Qarorga ko‘ra, ta’lim muassasalari hududiga begona shaxslarning ruxsatsiz kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tashrif buyuruvchilarning kirib-chiqishi ham alohida tartib asosida nazorat qilinadi.
Videokuzatuv va ogohlantirish tizimlari o‘rnatiladi
Maktab va boshqa ta’lim muassasalarining hududi, asosiy kirish joylari, nazorat-o‘tkazish punktlari, yo‘laklar, oshxonalar hamda stadionlar zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Videoyozuvlar kamida bir oy davomida saqlanadi.
Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida favqulodda vaziyatlarda tezkor ogohlantirish, qo‘riqlash va boshqa xavfsizlik tizimlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-avgustdan bolani mikrohududdan tashqaridagi maktabga joylashtirish uchun arizalar qabul qilinishi haqida yozgandi.