Yangiliklar

Olmazordagi yer o‘pirilishida bir kishi jabrlandi — hokimlik

Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda
Olmazordagi yer o‘pirilishida bir kishi jabrlandi — hokimlik
Foto: Shahar hokimligi

Toshkentning Olmazor tumani Orzu massivi, 3-uy manzilida joylashgan qurilish obyektida yer o‘pirilishi yuz berdi. Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro jabrlangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, dastlab hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar qayd etilmagani bildirilgan. Keyinchalik ma’lumotlar yangilanib, bir kishi jarohat olgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Shahar hokimligi

Vaziyat Toshkent shahar hokimi nazoratiga olingani aytilmoqda. Uning topshirig‘iga binoan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Qanday choralar ko‘riladi

Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar yer o‘pirilishining sabablarini, yondosh hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Shaharsozlik qonunchiligi talablari va qurilish me’yorlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi bildirildi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkentga ikki yilda $19 mlrd investitsiya jalb qilingani haqida yozgan edi.