Yangiliklar

O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonatlarida qariyb 24 mlrd so‘m jamg‘arildi

338 ta omonat ochildi
O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonatlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi doirasida 338 ta omonat ochildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Ularda jami 23,9 mlrd so‘m mablag‘ jamg‘arilgan bo‘lib, uning 10,1 mlrd so‘mi davlat subsidiyasi, 13,8 mlrd so‘mi esa fuqarolarning o‘z mablag‘lari hisoblanadi.

Eng ko‘p omonatlar Farg‘ona va Xorazmda

Unga ko‘ra, hududlar kesimida Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida eng ko‘p — 45 tadan maqsadli ipoteka omonati ochilgan.

Keyingi o‘rinlarda Namangan viloyati (43 ta), Qashqadaryo (33 ta) hamda Andijon (31 ta) qayd etilgan.

Agrobank yetakchilik qilmoqda

Banklar kesimida eng katta ulush Agrobank hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Unda 141 ta maqsadli ipoteka omonati ochilgan.

Shuningdek:

  • Biznesni rivojlantirish banki — 65 ta;
  • Xalq banki — 50 ta maqsadli ipoteka omonatini rasmiylashtirgan.

Omonat stavkalari 18 foizgacha yetadi

Hozirda maqsadli ipoteka omonatlari bo‘yicha yillik foiz stavkalari 14–18 foizni tashkil etadi.

Eng yuqori — 18 foizlik stavkani Hamkorbank, 16 foizlik stavkani esa Biznesni rivojlantirish banki taklif qilmoqda.

Maqsadli ipoteka omonati nima

Maqsadli ipoteka omonati subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar uchun uy-joy sotib olishda dastlabki badalni shakllantirish maqsadida tijorat bankida 12 oygacha muddatga ochiladigan maxsus omonat hisoblanadi.

Ushbu hisobvaraqda fuqaroning shaxsiy mablag‘lari bilan bir qatorda davlat subsidiyasi ham jamlanadi. Shuningdek, omonatdagi mablag‘larga bank tomonidan bozor foiz stavkasi asosida daromad hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Agrobank ishtirokida 40,14 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha bitim tuzilgani haqida yozgandi.