
O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida 68,6 ming nafar jismoniy shaxsga 330,8 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘landi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Subsidiya xonadonlarda ishlab chiqarilib, umumiy elektr tarmog‘iga uzatilgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan ajratilgan. Yarim yil davomida dastur ishtirokchilarining elektr tarmog‘iga uzatgan energiyasi bo‘yicha 330,8 mln birlik ijobiy tafovut qayd etilgan. Iyun oyining o‘zida esa 61,1 ming nafar foydalanuvchiga 100,7 mlrd so‘m subsidiya to‘langan.
Hududlar kesimida
Hududlar orasida eng katta subsidiya Buxoro viloyatiga to‘g‘ri kelib, ushbu hududdagi xonadonlarga 61,9 mlrd so‘m berilgan. Xorazm viloyatida bu ko‘rsatkich 60,5 mlrd so‘mni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 38,9 mlrd so‘mni, Qashqadaryo viloyatida esa 37,3 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida quyosh energiyasi ishlab chiqargan fuqarolarga 25,3 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyatida 22,1 mlrd so‘m, Toshkent shahrida qariyb 18 mlrd so‘m va Samarqand viloyatida 17,9 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan. Eng kam to‘lov Sirdaryo viloyatida qayd etilib, uning miqdori 3,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Avvalroq «Kursiv» 1-sentabrdan energetika yo‘nalishidagi talabalar uchun yangi tizim joriy etilishi haqida yozgan edi.