
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu va ispaniyalik model Jorjina Rodrigesning to‘yi 8-avgust kuni Madeyra orolida o‘tishi mumkin. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, marosim Ronaldu tug‘ilib o‘sgan Funshal shahridagi soborda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
The Sun nashri xabariga ko‘ra, Ronaldu va Rodriges to‘y marosimi uchun Madeyra orolini tanlagan. Bu orol futbolchining tug‘ilib o‘sgan joyi hisoblanadi.
Mahalliy xabarlarda Funshal shahridagi sobor kelasi shanba kuni yirik to‘y marosimi uchun band qilingani aytilmoqda.
Mehmonlar besh yulduzli mehmonxonada kutib olinishi mumkin
Ma’lumotlarga ko‘ra, juftlik to‘ydan keyingi qabul marosimi uchun sobor yaqinidagi besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasini band qilgan.
Manbalarning aytishicha, mehmonxonadagi ayrim qavatlar va bar hududlari juma hamda shanba kunlari foydalanishdan chiqarilishi haqida mehmonlarga xabar berilgan.
Juftlik 2016-yildan beri birga

Ronaldu va Jorjina Rodriges 2016-yildan beri munosabatda. Juftlikning ikki nafar qizi bor. Umuman olganda, Ronaldu besh farzandning otasi.
Avvalroq ular futbolchining yaxtasiga chiqayotgan vaqtda nikoh uzuklariga o‘xshash brilliant uzuklar bilan ko‘ringani ham xabar qilingan.
Ronaldu to‘y haqida avval ham gapirgan
Ronaldu avvalroq Jorjina bilan Jahon chempionatidan keyin turmush qurishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Futbolchi suhbatlaridan birida Jorjinani oila qurishni istagan yagona ayol sifatida tilga olgan.
41 yoshli Krishtianu Ronaldu hozir Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida to‘p tepmoqda.
U besh karra «Oltin to‘p» sohibi, to‘rt karra «Oltin butsa» egasi, besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi va 2016-yilgi Yevropa chempioni hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronaldu Britaniya futboli haqida suratga olinayotgan yangi serialda rol ijro etishi va loyihaning ijrochi prodyuserlaridan biri bo‘lishi haqida xabar berilgandi.