
Migratsiya agentligi Slovakiyada qurilish sohasida ishlash uchun 20 nafar izolyatsiya montajchisini tanlab oladi. Bu haqda agentlik Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Ishga ingliz yoki rus tilida muloqot qila oladigan, bino izolyatsiyasi va plitka yotqizish bo‘yicha tajribaga ega 18–50 yoshli erkaklar qabul qilinadi.
Tanlangan nomzodlar binolarga issiqlik izolyatsiyasini o‘rnatish va plitka yotqizish bilan shug‘ullanadi. Ish haftasiga besh kun, kuniga sakkiz soatdan tashkil etiladi. Mehnat shartnomasi ikki yil muddatga tuziladi.
Maosh qancha
Oylik sof daromad bajarilgan ish hajmiga qarab ming yevrodan 2,1 ming yevrogacha bo‘lishi mumkin. Ish haqi foydalaniladigan material, ishni bajarish texnologiyasi va murakkablik darajasidan kelib chiqib, har bir kvadrat metr uchun hisoblanadi. Hisob-kitob tartibi nomzodlarga suhbat jarayonida batafsil tushuntiriladi.
Ish beruvchi ishchi vizasi, O‘zbekistondan Slovakiyaga aviachipta, ishlash ruxsatnomasi va tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplaydi. Ovqatlanish xarajatlari ishchi zimmasida bo‘ladi. Turar joy uchun esa oylik maoshdan 150 yevro ushlab qolinadi.
Nomzodlar qanday murojaat qilishi kerak
Arizalar xorijdaish.uz platformasi orqali 2026-yil 5-avgust kuni soat 18:00 gacha qabul qilinadi. Dastlab taqdim etilgan hujjatlar ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilib, 12–19-avgust kunlari onlayn suhbat uchun 30 nafar nomzod saralanadi.
Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar 20–28-avgust kunlari amaliy imtihon topshiradi. Yakuniy tanlov natijalari 10-sentabrgacha e’lon qilinib, shundan so‘ng viza rasmiylashtirish jarayoni boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri «Minsk avtomobil zavodi» o‘zbekistonlik fuqarolar uchun 300 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilgani haqida yozgan edi.