Yangiliklar

O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Chexiyada ishga joylashishi mumkin

Hamshiralar uchun o‘quv kurslari ochilishi mumkin
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Chexiyada ishga joylashishi mumkin
Foto: depositphotos

O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida tibbiyot xodimlari hamda hamshiralarni qonuniy ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik kengaytirilishi mumkin. Bu masala O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasida «ZYLORA» kompaniyasi vakili bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilindi, deya xabar berdi «Dunyo».

Muloqotda O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida tartibga solingan mehnat migratsiyasi asosida tibbiyot xodimlari va hamshiralarni ishga jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hamshiralar uchun o‘quv kurslari ochilishi mumkin

Tomonlar malakali mutaxassislarning qonuniy va tartibli ishga joylashishini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

«ZYLORA» vakillari kelgusida Chexiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini bildirdi.

Huquqiy tartiblar o‘rganiladi

Kompaniya O‘zbekistondan Chexiyaga tibbiyot xodimlarini yuborish bo‘yicha amaldagi me’yoriy-huquqiy baza, tartib-taomillar va qonunchilik talablarini batafsil o‘rganmoqchi.

Bu kelgusida kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi faoliyat strategiyasini ishlab chiqish uchun zarur ekani aytilmoqda.

«ZYLORA» xalqaro biznes bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi

Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan «ZYLORA» kompaniyasi xalqaro biznesni rivojlantirish, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, moliyaviy va soliq masalalarida hamrohlik qilish hamda xalqaro bank xizmatlari bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, kompaniya Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

So‘nggi vaqtlarda «ZYLORA» Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiyot xodimlari farzandlari uchun kontrakt subsidiyasi ishga tushgani haqida xabar berilgandi. Subsidiya davlat tibbiyot muassasasida hozir ishlayotgan va kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlarining farzandlariga beriladi.