Yangiliklar

Toshkentda 22 ta mahalla va 33 ming aholi vaqtincha suvsiz qoladi

3-avgust soat 10:00 dan 4-avgust soat 10:00 gacha
BMT O‘zbekistonning suv sohasidagi islohotlarini yuqori baholadi
Foto: Mary_smn / Depositphotos

Toshkentda 3-avgust soat 10:00 dan 4-avgust soat 10:00 gacha Mirzo Ulug‘bek tumanidagi suv taqsimlash inshootida rejali profilaktika ishlari olib boriladi. Shu sabab poytaxtning ayrim hududlarida ichimlik suvi vaqtincha to‘xtatiladi va 22 ta mahalla suvsiz qoladi.

Profilaktika ishlari 24 soat davom etadi

«Toshkent shahar suv ta’minoti» ma’lumotiga ko‘ra, ishlar ichimlik suvi tarmoqlaridagi bosimni me’yorlashtirish va tizim ishonchliligini oshirish uchun amalga oshiriladi.

Mutaxassislar beshta magistral zulfinni almashtiradi. Ularning ikkitasi 1200 millimetrli, uchtasi esa 800 millimetrli bo‘ladi.

Suv ta’minoti qaysi hududlarga ta’sir qiladi

Profilaktika ishlari vaqtida 22 ta mahalla, 884 ta ko‘p xonadonli uy va 7 mingta yakka tartibdagi xonadon ichimlik suvisiz qoladi.

Shuningdek, vaqtinchalik uzilish 242 ta davlat va ijtimoiy soha muassasasi hamda 33 ming nafar aholiga ta’sir qiladi.

Suv maxsus transportda yetkazib beriladi

Markazlashgan suv ta’minotidan vaqtincha uzilgan mahallalar, davlat va ijtimoiy soha muassasalariga ichimlik suvi maxsus transport orqali yetkazib beriladi.

Shahar xizmatlari ishlarning borishini nazoratga oladi. Suv yetkazib berishda muammo yuzaga kelsa, murojaatlar zudlik bilan ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv tariflarini tasdiqlash vakolati boshqa komissiyaga o‘tishi haqida xabar berilgandi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab «O‘zsuvta’minot» AJga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari maxsus elektron platformada aks ettiriladi.