
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uchta xonadonda Rossiyadan noqonuniy olib kelingan, qiymati qariyb 600 mln so‘mga baholangan 1330 quti kontrafakt dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
DXX hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning ikki farzandiga aloqador manzillar ko‘zdan kechirilgan.
Dorilar uchta xonadondan topildi
Tekshiruvlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan uchta xonadonda o‘tkazilgan. Natijada ushbu manzillarda «Buserelin», «Volini», «Bikana», «Tirzetta» va boshqa nomdagi jami 29 turdagi 1330 quti kontrafakt dori vositalari saqlanayotgani aniqlangan. Holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan dori vositalarining umumiy qiymati qariyb 600 mln so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlar Rossiyadan kichik partiyalarda olib kelingan
Ma’lum bo‘lishicha, oila a’zolari dorilarni Rossiyadan yo‘lovchilar orqali kichik partiyalarda temir yo‘l va havo transportida olib kelib, keyinchalik Toshkent shahrida sotish bilan shug‘ullangan.
Hozirda aniqlangan dori vositalarining tarkibi, sifati va haqiqiyligini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Namangan va Toshkent viloyatlarida 11,7 kg giyohvandlik moddasi musodara qilingani haqida yozgan edi.