Yangiliklar

Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lida harakatlanish vaqti 45 foizga qisqardi

Yangi yo‘nalishda beshta svetofor sinxronlashtirildi
Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lida harakatlanish vaqti 45 foizga qisqardi
Foto: Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Toshkentdagi Kichik halqa avtomobil yo‘lining 1,7 kilometrlik qismida «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Unga ko‘ra, navbatdagi bosqichda Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bog‘ibuston ko‘chasi bilan kesishmasidan Chilonzor metro bekatigacha bo‘lgan 1,7 kilometrlik yo‘nalishdagi 5 ta svetofor o‘zaro sinxronlashtirildi.

Yo‘lni bosib o‘tish vaqti deyarli ikki baravar kamaydi

Mazkur uchastkada ilk bor «Yashil to‘lqin» tizimi sutka davomida bir vaqtning o‘zida har ikki yo‘nalishda ishlay boshladi. Bunga transport oqimining ikki tomonda ham deyarli teng bo‘lishi imkon yaratgan.

Svetoforlar sinxronlashtirilishidan oldin ushbu yo‘l qismini bosib o‘tish uchun o‘rtacha 5 daqiqa talab etilgan bo‘lsa, tizim ishga tushirilgach bu ko‘rsatkich 2 daqiqa 45 soniyagacha qisqarib, 45 foizga kamaydi.

Haydovchilarga tavsiya berildi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 40–60 km/soat tezlikka amal qilgan haydovchilar chorrahalarda qizil chiroqda to‘xtamasdan, yo‘l bo‘ylab uzluksiz harakatlana oladi.

18 ta chorraha «Yashil to‘lqin» tizimiga ulandi

Avvalroq tizimning birinchi bosqichi Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasining «To‘ra Buva» masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida ishga tushirilgan edi. U yerda 13 ta chorrahadagi svetoforlar sinxronlashtirilgan.

Hozirda «Yashil to‘lqin» tizimi poytaxtdagi umumiy uzunligi 5,7 kilometr bo‘lgan ikki yo‘l uchastkasidagi 18 ta tartibga solinadigan chorrahani qamrab olgan. Ushbu yo‘nalishlarda harakatlanish vaqti o‘rtacha 30 foizga qisqargan.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi Toshkentning boshqa ko‘chalarida ham «Yashil to‘lqin» tizimini joriy etish bo‘yicha hisob-kitob va sozlash ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda ilk «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushgani haqida yozgandi.