Yangiliklar

Uels 2027–2031-yillar uchun Infantinoni qo‘llamaydi

Uels 2027–2031-yillar uchun Infantinoni qo‘llamaydi
Foto: championat.com

Uels futbol assotsiatsiyasi FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2027–2031-yillarga qayta saylanish bo‘yicha nomzodini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi. Bu haqda BBC Sport xabar bermoqda.

Qaror FIFA musobaqalaridagi ulushlarni xususiy investitsiya kompaniyalariga sotish rejasidan keyin tashkilot rahbariyatiga nisbatan ishonch pasayishi fonida qabul qilindi. Infantino keyinchalik keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan loyihadan voz kechgan bo‘lsa-da, Uels futbol assotsiatsiyasi uning FIFA rahbari sifatida qolishini endi qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.

FIFA loyihasi futbol tashkilotlari noroziligiga sabab bo‘ldi

«Boshqaruv, jarayonlar, yetakchilik, qadriyatlar, manfaatdor tomonlar bilan ishlash, kommunikatsiya va oqilona qaror qabul qilishdagi so‘nggi muvaffaqiyatsizliklar janob Infantinoning jahon futboli rahbari sifatida Uels futbol assotsiatsiyasi ishonchini yo‘qotishiga olib keldi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Uels Infantinoni qo‘llamagan birinchi mamlakat bo‘ldi

Assotsiatsiya futbol manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ymaslikni qabul qilib bo‘lmaydigan xato deb baholadi. FIFAning tijoriy huquqlar bo‘yicha rejasi xalqaro futbol jamoatchiligida keskin norozilik uyg‘otgan edi. UEFA loyiha bekor qilinmasa, FIFA musobaqalarini, jumladan, jahon chempionatini boykot qilish bilan tahdid qilgan.

Infantino rejadan voz kechganidan keyin UEFA va Shimoliy, Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbolini boshqaruvchi KONKAKAF ham FIFA rahbariyatini tanqid qiluvchi bayonotlar e’lon qildi. Uelsning qarori boshqa milliy futbol federatsiyalari ham Infantinoning navbatdagi muddatga nomzodini qo‘llamasligi mumkinligi haqidagi bosimni kuchaytirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Janni Infantino maoshi yiliga 30 mln yevrogacha oshishi mumkinligi haqida yozgan edi.