Avto

UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qildi

UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qildi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi hamda UzAuto Motors kompaniyasining 30 yilligi munosabati bilan Captiva Cobalt va Damas avtomobillari uchun maxsus «Yil aksiyasi»ni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Dastur qanday ishlaydi

Mazkur aksiya 3-avgustdan kuchga kirdi. Uning doirasida Chevrolet Captiva avtomobiliga 45 mln so‘mgacha, Cobalt MCM modeliga 15 mln so‘mgacha chegirma taqdim etiladi. Damas avtomobilining narxi esa 15 mln so‘mga pasaytiriladi.

Foto: Chevrolet

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, chegirmalar kundalik foydalanish, oilaviy safarlar va biznes uchun avtomobil xarid qilmoqchi bo‘lgan mijozlarga mo‘ljallangan. Maxsus taklif 10-sentabr kuni ham amal qilgan holda shu sanagacha davom etadi.

Aksiya shartlari faqat avtomobil qiymati to‘liq, ya’ni 100 foiz miqdorida to‘langanda qo‘llanadi. Tijorat banklari krediti orqali xarid qilingan avtomobillarga mazkur chegirmalar tatbiq etilmaydi.

Asl narxlar qanday

Foto: Chevrolet

Ma’lumot uchun, Chevrolet’ning rasmiy saytida Cobalt MCM avtomobilining narxi 156,1 mln so‘mdan boshlanadi. Uning Style MCM komplektatsiyasi 156,1 mln so‘m, Midnight MCM talqini esa 165,2 mln so‘mga baholangan. Captiva modelining LT2 komplektatsiyasi 319,9 mln so‘m, Premier versiyasi 349,9 mln so‘m turadi. Damas avtomobilining boshlang‘ich narxi esa 93,1 mln so‘mni tashkil etadi.

Chegirma to‘liq qo‘llangan taqdirda, Cobalt MCM narxi 141,1 mln so‘mgacha, Captiva narxi komplektatsiyaga qarab 284,9 mln yoki 304,9 mln so‘mgacha, Damas narxi esa 78,1 mln so‘mgacha tushishi mumkin. Yakuniy narx tanlangan komplektatsiya va unga tatbiq etiladigan chegirma miqdoriga bog‘liq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker qaysi davlatlarda sotilishi haqida yozgan edi.