
AQShning Vashington shtatida davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlaridan jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
100 ming gektardan ortiq hudud yonib ketdi
Ma’lum qilinishicha, yong‘inlar 1-avgust kuni Vashington shtatining sharqiy qismida boshlanib, qisqa fursatda 100 ming gektardan ortiq maydonga tarqalgan. Kuchli shamol va qurg‘oqchilik sabab olov tez kengaygan.
Dastlab yong‘in o‘choqlari Spokan shahri atrofida yuzaga kelgan. Oqibatda 600 ta bino, jumladan, turar joylar va korxonalar vayron bo‘lgan.
Vatandoshlarga ogohlantirish berildi
Sietldagi Bosh konsulxona Vashington shtati hukumati bilan hamkorlikda vaziyatni doimiy nazorat qilib borayotganini bildirdi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmagan.
Bosh konsul Ahror Burxonov yong‘in hududlarida yashayotgan vatandoshlardan ehtiyot choralariga rioya qilish, mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlar ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishni so‘radi.
Favqulodda holatda konsullikka murojaat qilish mumkin
Bosh konsulxona favqulodda vaziyat yuzaga kelganda yoki konsullik yordami zarur bo‘lsa, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasining +1 (206) 529-7417 raqamiga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Indoneziyada yo‘lovchi kemasi yonib, besh kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.