Yangiliklar

Andijon va Qashqadaryoda 11,5 ming dollarlik pora aniqlandi

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda
Andijon va Qashqadaryoda 11,5 ming dollarlik pora aniqlandi
Foto: DXX

Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida jami $11,5 ming miqdoridagi pora bilan bog‘liq ikkita holat fosh etildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyatida «Andijon suv ta’minoti» AJning tuman filiallaridan biri boshlig‘i 1983-yilda tug‘ilgan fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqava suv tarmog‘ini tortish uchun ruxsat olish va kanalizatsiya nasosini o‘rnatishda mansabdor tanishlari orqali yordam berishni va’da qilgan. U buning evaziga $8,5 ming talab qilgan.

DXX, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda filial boshlig‘i so‘ralgan pulni uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtda ushlandi.

OIV diagnostikasi xodimi ham qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyatida esa OITSga qarshi kurashish markazining tumanlardan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti 1996-yilda tug‘ilgan fuqaroga tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga $3 ming olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, laborantdan $2,5 mingni olayotgan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman bo‘limi boshlig‘i ham ushlandi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 600 mln so‘mlik kontrafakt dorilar topilgani haqida yozgan edi.