
AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning yirik neft kompaniyalari ExxonMobil va Chevron’ni rekord darajadagi foyda hamda yuqori benzin narxlari fonida tanqid qildi. U kompaniyalarni daromadning bir qismini iste’molchilar foydasiga yo‘naltirishga va yonilg‘i narxini pasaytirishga chaqirdi.
Neft kompaniyalari rekord foyda ko‘rdi
Tanqidga ExxonMobil va Chevron’ning 2026-yil ikkinchi choragidagi moliyaviy natijalari sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kompaniya birgalikda $26,5 mlrd foyda olgan.
Chevron foydasi besh barobar oshib, kompaniya uchun rekord natijaga yetgan. ExxonMobil sof foydasi esa ikki baravar ko‘payib, 2022-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.
Tramp narxlarni tushirishga chaqirdi
Trampning fikricha, neft kompaniyalari yonilg‘i narxi oshishi fonida haddan tashqari ko‘p daromad olmoqda.
U kompaniyalar foydaning bir qismini odamlarga qaytarishi kerakligini aytdi. Prezident, ayniqsa, chakana benzin narxlari pasaytirilishi lozimligini ta’kidladi.
Chevron rahbari ham tanqid qilindi
Tramp Chevron bosh direktori Mayk Virtni ham tanqid qildi. Bunga Virtning Fox Business telekanaliga bergan intervyusi sabab bo‘lgan.
Chevron rahbari kompaniyaning kuchli natijalarini AQShda neft qazib olish hajmining rekord darajaga chiqqani va neftni qayta ishlash zavodlari yuqori yuklama bilan ishlayotgani bilan izohlagan.
Tramp esa Truth Social’dagi postida Virt Oq uy ma’muriyati siyosatining neft sohasi uchun ahamiyatini yetarlicha tilga olmaganini yozgan.
Aksiyalar pasaydi
Tramp bayonotidan keyin Chevron aksiyalari savdolar yakunida 1,85 foizga pasaydi. ExxonMobil qimmatli qog‘ozlari esa 0,24 foizga arzonlashdi.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, AQShda oddiy benzinning o‘rtacha narxi bir gallon uchun $4 dan yuqori bo‘lib turibdi.
Bu Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan vaqtdagi darajadan qariyb 30 foiz yuqori. Avvalroq u Adliya vazirligiga benzin narxlari nega pasaymayotganini tekshirishni topshirgan edi.
Tramp uchun yonilg‘i narxi siyosiy masalaga aylangan
Benzin narxi AQShda saylovchilar kayfiyatiga bevosita ta’sir qiladigan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Bloomberg bahosiga ko‘ra, iqtisodiyot bo‘yicha tanqidlar va yoqilg‘i narxi bilan bog‘liq noroziliklar noyabrdagi oraliq saylovlar oldidan respublikachilar uchun siyosiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq geosiyosiy vaziyat sabab O‘zbekistonda aviakerosinga talab 27 foizga oshishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, yil yakuniga qadar 1,1 mln tonna avtobenzin, 983 ming tonna dizel yonilg‘isi va 310 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarish rejalashtirilgan.