
O‘zbekistonda boshpanasiz shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tartibi o‘zgarmoqda. 2026-yil 1-sentabrdan ular vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga sud qarorisiz, o‘z roziligi asosida joylashtiriladi.
Prezident qaroriga ko‘ra, ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari qayta nomlanadi. Endilikda ular Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb ataladi.
Sud qarori asosida joylashtirish bekor qilinadi
Qarorga ko‘ra, boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab bunday shaxslar markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi.
Oziq-ovqat va gigiyena vositalari beriladi
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ularga markazlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari beriladi. Har bir shaxs individual reja asosida ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi.
Ishsiz deb e’tirof etish tartibi joriy qilinadi
2026-yil 1-oktabrdan boshlab ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi.
Ularni kasbga o‘qitish uchun tuman va shahar kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.
Hujjat rasmiylashtirish xarajatlari qoplab beriladi
Boshpanasiz shaxslar ijtimoiy markazlarda bo‘lgan davrida ushbu muassasaga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Ularni vaqtincha ro‘yxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yolg‘iz yashagan keksa ayol ishi ortidan mas’ullar ishdan olingandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni o‘rganib, ayol doimiy parvarishga muhtoj bo‘lganini, biroq mas’ullar uning ahvoli og‘irlashayotganini vaqtida aniqlamaganini bildirdi.