
General Motors Meksika bozorida yangi avlod Chevrolet Cheyenne pikapini 2027-yilda sotuvga chiqaradi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Meksika Chevrolet’ning mashhur pikapi Cheyenne nomi bilan sotiladigan dunyodagi yagona bozor hisoblanadi. Ushbu model mamlakatda odatiy Chevrolet Silverado‘dan yuqori pog‘onada joylashtiriladi. General Motors vakillarining ta’kidlashicha, yangi Cheyenne avvalgi avlodlarning ishonchliligini saqlab qolgan holda, model tarixidagi eng kuchli, qulay va texnologik turkumga aylanishi kerak.

Imkoniyatlar
Hozircha Chevrolet Cheyenne’ning ZR2 va High Country versiyalari rasman tasdiqlangan. ZR2 yo‘ldan tashqarida harakatlanish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, uning Bison talqini turkumdagi eng yuqori darajadagi ofroud versiyasi bo‘ladi. High Country esa qulaylik va premium jihozlarga urg‘u beradi.
Kompaniya hozircha qolgan komplektatsiyalar haqida ma’lumot bermagan, biroq model qatoriga ZR2 va High Country’dan arzonroq kamida yana bir versiya qo‘shilishi kutilmoqda. Shuningdek, bir qatorli kabinaga ega Regular Cab talqini ham saqlab qolinishi mumkin.

Yana nimalar ma’lum
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilgi Chevrolet Cheyenne faqat V8 dvigatellari bilan taklif etiladi. Pikap yangi avloddagi 5,7 va 6,6 litrli kuch agregatlari bilan jihozlanishi kutilmoqda. Ushbu motorlar avvalgi dvigatellarga nisbatan yuqoriroq quvvatga ega bo‘lishi aytilmoqda.

Yangi Chevrolet Cheyenne yaqin oylarda rasman namoyish etilishi, Meksikadagi to‘liq savdosi esa 2027-yilning birinchi yarmida boshlanishi mumkin. Avtomobil General Motors’ning Silao shahridagi zavodida ishlab chiqariladi. Mazkur korxona ichki bozor uchun Cheyenne, eksport bozorlari uchun esa Chevrolet Silverado 1500 versiyalarini yetkazib beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.