
Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ish haqi tizimini yagona, shaffof va natijaga asoslangan mexanizmga o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Ish haqi tizimidagi muammolar tahlil qilindi
Taqdimotda amaldagi tizimdagi asosiy kamchiliklar qayd etildi. Hozirda davlat xizmatchilarining ish haqi tarkibida lavozim maoshining ulushi 15 foizdan oshmaydi, ish haqi fondining qariyb 70 foizi esa xodimning aniq mehnat natijasiga bog‘liq bo‘lmagan turli ustama, mukofot va rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan iborat.
Shuningdek, bir xil lavozimda ishlayotgan xodimlar o‘rtasida maosh bo‘yicha sezilarli tafovutlar mavjudligi, mehnatga haq to‘lash tartibini belgilovchi 50 dan ortiq normativ hujjat amal qilayotgani ta’kidlandi.
54 ming davlat xizmatchisi yangi tizimga o‘tkaziladi
Taklif etilayotgan tizim 54 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisini qamrab oladi. Unga ko‘ra, davlat organlari boshqaruv darajasiga qarab, xodimlar esa bajaradigan vazifalariga muvofiq guruhlarga ajratiladi.
Xalqaro tajriba asosida 11 razryad va 6 pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
KPI va bonus tizimi joriy etiladi
Yangi tizimda o‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish mexanizmi amal qiladi. Xodimlarga malaka darajasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro intizomi, tashabbuskorligi hamda KPI ko‘rsatkichlari asosida ustamalar to‘lanadi.
Bundan tashqari, muhim va murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natija ko‘rsatgan xodimlarga bonus berish nazarda tutilgan. Bonuslarni belgilashda sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, malaka oshirish kabi mezonlar ham inobatga olinadi.
Ish haqi shakllanishi ochiq bo‘ladi
Taklifga ko‘ra, hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlar maoshidan yuqori bo‘lmaydi. Tuman va shaharlarda ish haqi hamda shtat birliklari aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlarga yagona to‘lov taklif qilingani haqida yozgandi.