
Qora dengiz bo‘yidagi Kaspiy quvur konsorsiumi terminalida Qozog‘iston neftini tankerlarga yuklash ishlari qayta boshlandi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, 31-iyuldan beri to‘rtta tanker terminalda neft yuklashni yakunlagan, biroq yetkazib berish hajmi hozircha odatdagi darajadan pastligicha qolmoqda.
Terminal ishi hujumlardan keyin izdan chiqqan edi
KQK terminali faoliyati bu yil tankerlarga uyushtirilgan dron hujumlari sabab bir necha bor izdan chiqqan. So‘nggi hujum 30-iyul kuni sodir bo‘lgan.
31-iyul kuni KQK neft quvuri ishini vaqtincha to‘xtatgan edi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, hozir ikki tanker port akvatoriyasini tark etgan, yana kamida uchta tanker esa terminal hududida bo‘lgan.
Bozor uchun bosim kamayishi mumkin
Qozog‘iston neftini yuklash qayta boshlangani jahon neft bozoridagi bosimni biroz kamaytirishi mumkin.
KQK tizimi orqali Qozog‘istonning yirik konlaridan qazib olinadigan neft tashiladi. Bu konlar Chevron, ExxonMobil va Shell ishtirokida ishlab chiqilmoqda.
Bloomberg’ga ko‘ra, odatiy sharoitda ushbu quvur orqali jahon neft yetkazib berish hajmining qariyb 2 foizi o‘tadi. Qozog‘iston esa Yevropaga neft yetkazib beruvchi yirik davlatlardan biri hisoblanadi.
Yetkazib berish hajmi hali to‘liq tiklanmagan
Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab terminalga kuniga 100 ming tonna neft yetkazilmoqda. Bu taxminan sutkasiga 730 ming barrelga teng.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, dengiz terminali texnik jihatdan hujumlardan oldingi hajmlarda ishlashga tayyor. Biroq eksport sur’ati bo‘sh tankerlar mavjudligi va ob-havo sharoitlariga bog‘liq.
Tanker ijarasi keskin qimmatlashdi
Hujumlardan keyin ayrim kema egalari terminalga kirishdan qochishni boshlagan. Bu tanker ijarasi narxining oshishiga olib kelgan.
Bloomberg keltirgan Baltic Exchange ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftaning oxiriga kelib terminalda yuklash uchun tanker ijarasi sutkasiga $338 mingga yetgan. Bu bir oy avvalgidan deyarli ikki baravar ko‘p.
Iyul oyida to‘qqizta tanker zarar ko‘rgan
Bloomberg eslatishicha, iyul oyida KQK terminalida yoki uning yaqinida bo‘lgan to‘qqizta tanker zarar ko‘rgan.
Hozircha bu hujumlar uchun hech kim javobgarlikni zimmasiga olmagan. Avvalroq Ukraina Qora dengizda Rossiya tankerlariga hujum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qora dengizda «Tengizshevroyl» yuk jo‘natuvchisining Nissos Sifnos tankeri neft yuklash vaqtida dron hujumiga uchragani haqida xabar berilgandi.