Avto

Jetta M6 elektromobili qanday xususiyatlar bilan taqdim etiladi

Jetta M6 elektromobili qanday xususiyatlar bilan taqdim etiladi
Foto: Jetta

FAW-Volkswagen qo‘shma korxonasiga qarashli Jetta brendi Xitoyda o‘zining ilk to‘liq elektr avtomobili — Jetta M6 sedanini namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangi model Xpeng Mona M03 va MG 07 bilan raqobatlashadi hamda Volkswagen’ning Xitoydagi yangi energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillar bozoridagi ulushini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Jetta 2019-yilda FAW-Volkswagen tarkibidagi mustaqil brend sifatida tashkil etilgan bo‘lib, shu paytgacha asosan Xitoy bozori uchun benzinli avtomobillar ishlab chiqargan. Biroq mamlakatda ichki yonuv dvigatelli mashinalarga talab qisqarayotgani kompaniya savdosiga ham ta’sir ko‘rsatdi. China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, Jetta 2026-yilning birinchi yarmida 47,8 mingta avtomobil sotgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,1 foizga kam.

Foto: Jetta

Texnik imkoniyatlar

Shundan so‘ng brend eksport geografiyasini kengaytirish bilan birga elektromobillar segmentiga o‘tishini e’lon qildi. Jetta yaqin vaqt ichida Xitoy bozoriga to‘rtta yangi elektr modelini chiqarishni rejalashtirmoqda, M6 esa ularning birinchisi bo‘ladi.

O‘rta o‘lchamdagi Jetta M6 silliq tom chizig‘i, ingichka faralar va avtomobilning butun orqa qismini qamrab oladigan yaxlit fonarlar bilan jihozlangan. Model 18 dyuymli g‘ildiraklar, yarim yashirin eshik tutqichlari, old bamperdagi faol havo qabul qilish tizimi va katta panoramali tomga ega. Yuqori komplektatsiyada atrofni to‘liq ko‘rsatadigan kameralar hamda old va orqa to‘xtash datchiklari taklif qilinadi.

Foto: Jetta

Qo‘shimcha qulayliklar

Avtomobilning uzunligi 4 806 millimetr, eni 1 868 millimetr, balandligi esa 1 500 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 820 millimetrga teng. Shu tariqa, Jetta M6 o‘zining asosiy raqiblaridan biri bo‘lgan Xpeng Mona M03’dan 26 millimetr uzunroq.

Elektromobilning boshlang‘ich versiyasiga 113 kilovatt yoki 152 ot kuchiga teng bitta elektr motor o‘rnatiladi. Uning maksimal tezligi soatiga 166 kilometr bilan cheklanadi. Kuchliroq talqin esa 145 kilovatt yoki 194 ot kuchiga ega elektr motor bilan jihozlanib, soatiga 172 kilometrgacha tezlashishi mumkin.

Foto: Jetta

Jetta M6’ning og‘irligi komplektatsiyaga qarab 1 557 kilogrammdan 1 628 kilogrammgacha yetadi. Kompaniya hozircha akkumulyator sig‘imi, bir quvvatlashda bosib o‘tiladigan masofa va avtomobilning narxini oshkor qilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen ikkita yangi elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.