Yangiliklar

Odam savdosi qurbonlariga 6 oygacha bepul ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi

Hududiy ixtisoslashgan markazlar faoliyati Respublika reabilitatsiya markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi
Odam savdosi qurbonlariga 6 oygacha bepul ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi
Foto: depositphotos.com

Odam savdosidan jabrlangan shaxslar endilikda reabilitatsiya markazlarida belgilangan muddat davomida yordam olishi, transport xarajatlari esa davlat tomonidan qoplanishi mumkin. Bu haqda prezident farmonida keltirib o‘tildi.

Reabilitatsiya markazlariga qabul tartibi belgilandi

Farmonga ko‘ra, odam savdosidan jabrlangan erkaklar, chet el fuqarolari hamda maxsus dasturlar asosida O‘zbekistonga olib kelingan repatriantlar faqat Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markaziga qabul qilinadi.

Shuningdek, hududiy ixtisoslashgan markazlar faoliyati Respublika reabilitatsiya markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish muddati aniqlandi

Yangi tartibga ko‘ra, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslar ixtisoslashgan markaz xizmatlaridan 1 oy, jabrlangan deb rasman tan olingan shaxslar esa 6 oygacha foydalanishi mumkin.

Bunda fuqarolar taxminiy maqom berilganidan keyin 1 oy, rasman jabrlanuvchi deb tan olinganidan keyin esa 1 yil ichida markazlarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Transport xarajatlari qoplanadi

Farmonga muvofiq, jabrlanganlarning reabilitatsiya markazlariga borib-kelish xarajatlari «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Respublika reabilitatsiya markaziga qatnov uchun BHMning 1 baravari, hududiy markazlarga qatnov uchun esa BHMning yarim baravari miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan odam savdosi qurbonlariga yangi imtiyoz va himoya mexanizmlari joriy etilishi haqida yozgandi.